Andijon fojiasidan 10 yil o’tdi
2005-yilning 12-13 may kunlari Farg’ona vodiysining bu qismida nima bo’lgan edi degan savolga hamma turlicha javob beradi. Hukumat o’z talqiniga ega. Guvohlarning o’z bayoni bor. Tashqi dunyo, xususan G’arb davlatlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar o’zgacha xulosada. Yaqinda katta ekranga chiqqan “Sotqin” kartinasi O’zbekiston hukumatining o’sha paytdan beri yangrab kelayotgan nazariyasini aks ettiradi.
“Sotqin” filmiga ko’ra, Andijondagi qo’zg’olon chetdan turib rejalangan, terrorchilar va xorijiy agentlar til biriktirib, O’zbekiston tinchligini buzmoqchi bo’lgan. Kinoda odamlarni hukumatga qarshi qayragan tomonlar G’arbdan moliyalangan degan g’oya olg’a suriladi. Gap Afg’onistondagi o’zbek jangarilar emas, aynan Amerika yoki Yevropadagi ajnabiy kuchlar haqida ketadi, “sanksiya qo’yishga sabab bormi, bor” degan gaplar ishlatiladi.
Andijonda yuzlab insonlarning o’limida hukumatni ayblagan Yevropa Ittifoqi 2005-yilda Karimov ma’muriyatiga qarshi cheklovlar qo’ygan. AQSh ham Toshkentga nisbatan choralar ko’rgan. Film mazmuni bilan tanish g’arblik ekspertlar fikricha, hukumatning bugungi propagandasi o’z xalqiga qaratilgan, chunki respublika rahbariyati tashqi dunyoni o’z pozityasiga ishontira olmasligini allaqachon tushunib yetgan. G’arb ham uning Andijon yuzasidan talablari bajo keltirilmasligini biladi va shu bois cheklovlarni bekor qilib, muloqot va murosa yo’lini tanlagan.
Siyosiy muhojirlar bosim ostida
Norvegiyada yashayotgan siyosiy faol Ulug’bek Bakirov 2006-yilgacha muxolifatdagi “Birlik” partiyasining Andijon viloyatidagi yetakchilaridan biri bo'lgan. Shahardagi qonli voqealar ketidan avj olgan tazyiqlar va tahdidlar sabab vatanni tark etgan. To'qqiz yildirki, siyosiy muhojir. BMT qochqinlar agentligi unga shunday maqom bergan.
Bakirov “Zamondosh” singari muxolif internet nashrlarda bosh muharrirlik qilgan va hukumatni ochiq-oydin tanqid qilib tanilgan. So’nggi oylarda u Virtual Saylov Komissiyasi va undan keyin tashkil etilgan “Muqobil O’zbekiston” muvofiqlashtirish kengashida jonbozlik ko’rsatmoqda. Bu kengash Andijon fojiasining 10 yilligiga bag'ishlangan kampaniya olib bormoqda. Ushbu tashviqotga ko'ra, Andijonda begunoh insonlarning qoni to'kilishida hukumat asosiy aybdor.
Maqsad, deydi Bakirov, xorijda yurgan o’zbeklar vatan taqdiriga befarq emasligini ko’rsatish va “mamlakatdagi adolatsiz tuzumga qarshi kurash”.
Vatanda esa, bunga javoban, uni "propiska", doimiy yashash joyidan ayirishmoqda va balki yaqin kelajakda fuqarolikdan ham chiqarishadi. Andijon viloyati Jalaquduq tuman prokuraturasi bu borada ogohlantirgan. Sud qaror chiqqanmi yo'q, hozircha noma'lum.
Bunday hollar boshqa muxolifatchilar va hatto oddiy fuqarolarda ham ko'z kuzatiladi. Uzoq yillardan beri xorijda yurgan va ayniqsa tuzumning jig'iga tekkan insonlar "propiska" dan o'chiriladi; chet elga chiqishga ruxsat ololmaydi yoki xorijda yurgan bo'lsa, fuqarolikdan ayriladi.
O’zbekistonda pasportsiz hech narsa qila olmaysiz. Ulug’bek Bakirov deydiki, uning oilasiga hukumat aynan shu vosita bilan bosim o’tkazmoqda. Faolning onasi va singligi bir yildan beri pasport ololmaydi. Ularning bildirishicha, mutasaddilar xorijdagi o'g'ilning ovozi o'chmas ekan, yuqoridan bu oilaga hujjat berilmasin deya buyruq berilganini aytgan.
Xalqaro hamjamiyat Andijonni unutmagan
Yaqinda AQSh Kongressi qoshida kechgan tadbirda "Xalqaro amnistiya" huquq tashkiloti O'zbekistonda tuzum o'z tanqidchilariga nisbatan turli usullar bilan do'q-po'pisa qilib keladi, hatto chet elda yurganlar ham xavf ostida, deya bong urdi.
BMTning Qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Xuan Mendez bu yig'inda so’zlar ekan, O'zbekiston hukumatini fuqarolarga nisbatan tinimsiz tazyiqlarni bas qilishga chaqirdi.
Inson huquqlarini kafolatlovchi xalqaro qonunlar bor va hech bir hukumat, jumladan O’zbekiston ham ularni buzmasligi shart, deya eslatdi diplomat.
BMTning Qiynoqlar bo’yicha undan oldingi maxsus vakili ham qayta-qayta murojaat qilgan, biroq samara bermagan. Tashkilotning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi respublikani "qiynoqlar muntazam ravishda qo'llanadigan" davlat deb ataydi.
Kongressdagi muhokamada ekspertlar Andijon fojiasiga alohida to'xtaldi. Mustaqil tekshiruv o'tkazilmas ekan, adolat ham ta'minlanmaydi, degan mulohazalar yangradi.
Voqea haqida iddao va farazlar ko’p va bu tabiiy, deydi Ulug’bek Bakirov. Haqiqatni hozirgi tuzum o’z poyoniga yetganidagina bilamiz, deydi u, ungacha esa adolat va faktlarga yetish yo’li yopiq.