Huquq himoyachilari o'tgan ikki kun ichida Amerika poytaxtida siyosatchilar, diplomatlar va mutasaddilar bilan uchrashib, ularga yangi ma'lumotlar ulashdi. BMT qoshida O'zbekiston bilan shug'ullanadigan maxsus organ tuzish kerak, Obama ma'muriyati bu tashabbusni quvvatlasin, deya undamoqda Xalqaro Amnistiya. Bu taklifni huquq himoyasi bo'yicha yana bir xalqaro tashkilot Human Rights Watch ham olg'a surgan.
Brifingda huquqshunos va ekspertlardan tashqari BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakili Xuan Mendez, shuningdek, dunyoda eng uzoq vaqtdan beri qamoqda o'tirgan jurnalist Muhammad Bekjon oilasi vakillari, jumladan, rafiqasi Nina Lonskaya va qizi Oygul Bekjon ham so'zladi.
Minbardagilarning bari bir narsada hamfikr: O'zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilish inson huquqlari bilan bog'liq muammolarga, xususan qiynoqqa ko'z yumish kerak degani emas. Tanqid, tabiiyki, AQShga qaratilgan.
Karimov ma'muriyati qiynoqlar yuzasidan ayblovni inkor etadi. Rasmiylar deydiki, islohotlar davom etmoqda, tuzum adolatli. BMT maxsus vakili Xuan Mendez O'zbekistonga borib, vaziyat bilan yaqindan tanishishni istaydi. Toshkent eshikni ochmayapti.