Muhojirlarga madad beruvchi maskanlar: Ogayoning Akron shahridan reportaj

Muhojirlarga madad beruvchi maskanlar: Ogayoning Akron shahridan reportaj

Qo’shma Shtatlar har yili 75 mingga yaqin qochqinni o’z bag’riga oladi. Ular o’z yurtida zo’ravonlik va qirg’in bilan yuzlashgan, diniy, siyosiy va boshqa qarashlari uchun vatanida ta’qibga uchragan, urush va mojarolar sabab uy-joyini tark etgan insonlar.

Qo’shma Shtatlar har bir ishni izchil ko’rib chiqib, boshpana berishga qaror qilsa, nodavlat tashkilotlar qochqinlarga iqtisodiy va huquqiy ko’mak ko’rsatadi. Amerika hayotiga moslashishda yordam beradi.

Akron shahri poytaxt Vashingtondan 560 kilometr narida joylashgan. Ogayo shtatida beshinchi yirik shahar. Yaqin atrofdagi rayonlarni hisoblaganda aholisi 700 ming atrofida. Deyarli besh foizini muhojirlar tashkil etadi.

“Akron moliyaviy jihatdan qochqinlar uchun juda ham qulay joy hisoblanadi”, -deydi Debbi Mey-Jonson, Akrondagi Xalqaro institut rahbari.

“Ijara Nyu-York yoki Los-Anjeles kabi shaharlarga qaraganda u qadar qimmat emas. Ish topish ham osonroq. Muhimi – mahalliy aholi muhojirlarga o’rgangan”.

Muhojir ayol va qizlarga ingliz tilidan saboq berish maqsadida 1916-yilda tashkil etilgan bu muassasa bugunga kelib qochqinlar bilan shug’ullanadi.

“Qochqinlarni aeroportda kutib olib, uy-joy, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan ta’minlaymiz. Mustaqil bo’lguncha bizning qaramog’imizda. Qochqinlardan tashqari grin karta olmoqchi, yaqinlarini Amerikaga olib kelmoqchi bo’lgan muhojirlarga yuridik maslahatlar beramiz. Ularga ingliz tilini o’rgatamiz, muhojir va qochqinlarga ish topishda yordamlashib, keyinchalik fuqaro bo’lishiga ko’maklashamiz”.



Akron xalqaro instituti faoliyati uchun pulning katta qismini AQSh hukumatidan olib, unga boshqa davlatlardan ko’chirilgan muhojirlarni joylashtirishda yordam beradi. Ayni damda asosan butanlik va birmalik qochqinlar bilan ishlaydi.

19-asrda Nepaldan Butanga ko’chib o’tgan mahalliy aholi 1980-yillarda Butandagi buddist hukumat tomonidan ta’qibga uchrab, fuqaroligidan ayriladi va Butandan haydaladi. 100 mingdan ziyodi Nepalda boshpana topadi, yana shunchasi 20 yil qochqinlar lagerida yashaydi.

Qo’shma Shtatlar ularning yarmini qabul qilishga rozi bo’lgan. Qolganlari Avstraliya, Kanada, Norvegiya, Niderlandiya, Daniya va Yangi Zelandiyaga ko’chirilishi rejalangan.

Amber Subbe ulardan biri. Hozirda Xalqaro institutda ishlab, o’ziga o’xshagan qochqinlarga yordam beradi.

“Butandan haydalganimizda 11 yoshda edim. Shundan so’ng 17 yil Nepaldagi qochqinlar lagerida yashaganmiz. Butan bizni qaytib olishni istamadi, Nepal esa fuqarolik bermadi. Uchinchi davlatga chiqish yagona yo’l edi. Amerikaga keldik”, - deydi Subbe.

Amerika butanlik qochqinlarga ham, Xalqaro institut qaramog’idagi birmalik qochqinlarga ham yoqadi. “Bu yerda korrupsiya yo’q, odamlar yaxshi, hayot ancha tinch” deydi ular.

Biroq institut xodimlaridan biri Dilanna Jeksonning aytishicha, madaniyatlar o’rtasidagi tafovutning kattaligi sabab barchasi ham Amerikaga ko’nika olmaydi.

“Amerika madaniyatiga o’rganish oson emas. Ayniqsa qochqinlarning farzandlari bu yerda maktabga chiqib, xulqi va odatida o’zgarishlar kuzatila boshlagach, ota-onaga qiyin. Yoshlar tilni ham tezroq o’rganadi, mahalliy sharoitga ham osonroq ko’nikadi”.

Akron xalqaro instituti ularni bu ishda qo’llab-quvvatlaydi. Ingliz tilidan saboq beradi, mashina haydashga o’rgatadi, sog’lig’idan xabar olib turadi.

Mahalliy mutasaddilar va aholiga qochqinlar haqida kengroq ma’lumot beradi. Chunki Amerikada 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so’ng muhojirlarga munosabat salbiy tomonga o’zgargan edi.

Natalya Mitareva – institut qoshidagi muloqot dasturi rahbari.

“Mahalliy aholiga qochqinlar va muhojirlar o’rtasidagi farqni tushuntirishga harakat qilamiz. Men muhojir bo’lib o’zim kelganman. Qochqinlar esa biror fojia, mojaro yoki kulfatdan bosh olib chiqqan, ta’qibdan qochgan, jismoniy yoki ruhiy azobga uchragan bo’ladi”.

Natalya Mitareva 14 yil avval Rossiyadan Amerikaga kelgan. Ungacha universitetda o’qituvchi bo’lib ishlagan. Xalqaro institutda 10 yildan beri mehnat qiladi.

“Politsiyachilar bilan ham muloqot qilib turamiz. Ularga qochqinlar noqonuniy muhojirlardan farqli o’laroq qonuniy shaxslar ekanini, Amerikada istalgancha qolishga huquqi borligini tushuntirib beramiz. Ishlash uchun ularda maxsus ruxsat bo’lishi shart emas. Amerikaga kelguncha qochqinlarni ko’p marotaba tekshirishadi. Ulardan xavfsiramaslik kerak”, - deydi u.

2006-yildan Akron xalqaro instituti andijonlik qochqinlar bilan ilk marotaba shug’ullanadi.

2005-yildagi qirg’indan qochgan 450 odamdan deyarli 30 nafari shu yerda yashaydi. Bu insonlar haqida dasturimizning keyingi sonida alohida hikoya qilamiz.