AQShda bahslar avjida, qochqinlar yangi hayot boshlamoqda

  • Amerika Ovozi

Kanzas-sitida qochqinlar uchun ingliz tili darslari. Orqa partada - Ahmad Alabud.

Federal sud Texas rahbariyatining suriyalik qochqinlarni shtatga kiritmaslik qarorini bekor qildi.

Sal oldin prezidentlikka respulikachi nomzod Donald Tramp Orlandodagi otishmadan keyin AQSh fuqarosi bo’lmagan musulmonlarni mamlakatga qo'ymaslikka da’vat etgan edi.

Hatto otishmadan oldin amerikaliklar Yaqin Sharqdan kelayotgan qochqinlarni qabul qilish-qilmaslik masalasida yakdil emas edi.

May oxirida Brukings tadqiqotlar instituti o’tkazgan so’rovga ko'ra, respublikachilarning 38 foizi Yaqin Sharqdan qochqinlarni qabul qilishni qo’llab-quvvatlagan. Demokratlar orasida bundaylar 77 foizga teng. Ammo Tramp tarafdorlari orasida qochqinlarga qarshilar 77 foizni tashkil etadi.

Xo’sh, qizg'in bahslarga sabab bo’layotgan qochqinlar kim?

Qochqinlar kim?

BMTning 1951-yilda qabul qilingan Qochqinlar konvensiyasiga ko’ra, irq, din, millat, muayyan ijtimoiy yoki siyosiy guruhga a’zolik sababli hayotiga tahdid borligiga asosli qo’rquv bilan mamlakatidan chiqib ketgan va vataniga qaytishni istamayotgan shaxs qochqin sanaladi.

BMT Inson huquqlari kengashiga ko’ra, 2014-yilga kelib dunyo bo’ylab 19,5 million qochqin bor edi. Bu 2013-yilga qaraganda 2,9 millionga ko’p.

Ammo qochqinlarga uyidan qochishga majbur bo’lib, boshpanasiz qolganlar, boshqa davlatda siyosiy boshpana so’raganlar hamda fuqaroligi bolmagan odamlarni qo’shsa bu raqam 59,5 millionga yetadi.

AQShda qancha?

Amerika Prezidenti Barak Obama 2016-moliyaviy yilda mamlakat 10 ming suriyalik qochqinni qabul qiladi, degan edi. Ammo reja juda sekin sur’atlar bilan bajarilmoqda.

Qariyb 3500 suriyalik mamlakatga ko'chib keldi. Demak, kelasi 4 oyda (moliyaviy yil 30 sentabrda tugaydi) yana 6500 odam qabul qilinishi kerak.

Ularni qabul qilish uchun nima qilinadi?

Qochqin maqomiga ega bo’lish uchun mojaroga yuz tutgan vatanidan qochish, BMTda qochqin maqomi bilan ro’yxatdan o’tish, kutish va maqomini tasdiqlash kabi murakkab jarayondan o’tish lozim. So'ng yangi mamlakat bu shaxsni qabul qilishi mumkin.

AQShda mazkur jarayon bir necha bosqichdan iborat. Ichki xavfsizlik vazirligida yuzma-yuz suhbatdan o’tish, berilgan ma’lumotlar, shu jumladan, biografiyaga oid hamda biometrik ma’lumotlarning puxta tekshirilishi ko’zda tutilgan.

2001-yil 11-sentabr xurujlaridan oldin bu jarayon qariyb bir yil vaqt olar edi. Endi esa 2-3 yil talab qiladi.

Insonlar taqdiri

Missuri shtatining Kanzas-sity shahrida 45 yoshli Ahmad Alabud turmush o’rtog’i va besh farzandi bilan yangi hayot boshlagan. Suriyaning Hims shahridan kelgan oila Obama ma’muriyatining Suriya qochqinlariga yordam dasturi doirasida qabul qilindi.

Amerikaga ular Iordaniyadagi qochqinlar lageridan kelgan. Lagerdaligida farzandlari ko’p kasal bo’ldi, Ahmad ularga qaradi, ingliz tilini o’rganishga harakat qildi. Besh yil avval Himsdagi portlashda uning boshi va oyoqlari jarohatlangan.

Qo'shma Shtatlarga kelgach, sog’liqqa oid muammolarni hal qilishga majbur bo’ldi, ingliz tilini o’rganmoqda. Kuzda ishlay boshlaydi.