9-may O’zbekistonda Xotira va qadrlash kuni. Biroq Andijon fojeasi qurbonlari esga olinmadi. Andijondagi qirg'in, uning qurbonlari, aybdorlar va jabrdiydalar haqida gapirish taqiqlangandek. Xalqaro tashkilotlar qatliom sabablari va aybdorlarni aniqlashni hamon talab qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Mustaqil O'zbekiston tarixidagi eng qonli sahifaga aylangan, BMT tomonidan ommaviy qirg'inga qiyoslangan Andijon voqealari mustaqil tarzda tergov qilinmadi.
Fojea paytida rasman 187 kishi halok bo'lgan, norasmiy ma'lumotlarda qurbonlar soni bir necha yuz kishidan mingga yaqin ko'riladi.
O'zbekistonda tasdiqlangan qurbonlar ham, noma'lum qolayotganlari ham xotirlanmaydi. Andijon qirg'ini haqida gapirish, xotirlash taqiqlangan, ammo bu hodisani tarixdan o'chirish, unutishga urinishlar ham natijasiz.
“Andijon fojeasidan xabardor bo'lgan, bu voqea joyida bo'lgan yoki bu haqda eshitgan odamlar buni davomli eslab boradi, bu yoddan chiqadigan narsa emas. Qurbonlar rasman kam ko'rsatilgani bilan, aslida ancha ko'p bo'lgan, ular orasida ayollar, bolalar, keksalar borligini also unutib bo'lmaydi. U yerda juda ko'p odam qurbon bo'lgan”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li.
9-may O'zbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlandi. Prezident Islom Karimovning Andijon voqeasi haqidagi kam sonli chiqishi aynan Xotira kunida qilingan.
2011-yili Xotira maydonida gapirgan Karimov arab dunyosidagi inqiloblar haqida mulohaza qilib, Andijondagi voqealarga O'zbekiston boyliklariga ko'z olaytirgan uchinchi kuchlar hissa qo'shganini aytdi. Xuddi shu yili Vazirlar Mahkamasi yig'ilishidagi bayonotida Andijondagi noroziliklar sababi mahalliy rahbarlarning yulg'ichligida ko'rilgan edi.
“Yo'q, Xotira kuni bu haqda hech narsa deyilmadi. Andijon fojeasi tilga olinmadi ham. Karimovning chiqishi ancha yillar avval, bu o'sha yerdagi amaldorlarning aybi deb, bu voqeadan o'zini chetga olib, go'yo uning aloqasi yo'qdek gapirgan edi. Ammo qurbonlarni xotirlash, ularning xotirasi uchun bir narsa qilish haqida hech qanday gap yo'q. Bu safar ham o'zining yutuqlari haqida gapirdi, Andijonni tilga olgani ham yo'q. Andijon qurbonlarini asosan mamlakatdagi huquq faollari bir amallab xotirlab kelishayotgan edi. “Jasorat” yodgorligidan haydashganidan keyin, jamoat joyida xotirlash imkoniyati ham qolmadi”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.
Bir nech yil avval ham mamlakatdagi faollar turli to'siqlarga qaramasdan Andijon qurbonlarini jamoat joylarida xotirlashga urinib kelayotgan edi. Yaqin ikki yildirki, bunday urinishlarga imkoniyat qoldrilmagan, qurbonlarni har kim o'zicha xotirlaydi.
“Ko'plar huquq faollariga ko'rsatilayotgan bosimlardan, sudga tortishlardan cho'chib qoldi, shuning uchun ikki-uch yildirki, har kim o'z holicha Andijonni eslab, xotirlab keladi”, - deydi huquq himoyachsi.
2005-yil 12-13-may kunlari Andijonda kuzatilgan xunrezlik mustaqil O'zbekiston tarixidagi eng qonli, adolati hamon mavhum qolayotgan fojeaga aylangan.
Qirg'indan 10 yil o'tib ham namoyishchilarni o'qqa tutganlar kimligi, kimning buyrug'iga ko'ra o't ochilgani noma'lum.
Hukumat bu voqeani diniy ekstremistik guruhlar yo'q qilingan amaliyot sifatida baholaydi, tergov-surishtiruv ortidan “Akromiylar” guruhi a'zolari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda, terrorchilikda ayblanib uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.
Andijon qirg'ini ortidan esa mamlakatda dindorlarga, muxolifatga, fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan repressiyalar avj oldi. Repressiyalar ortidan mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan o'zbek faollari Andijon voqeasi yuzasidan adolat talab etib kelishadi, qonli fojeaga 10 yil to'lar ekan, bu talablar davomli takrorlanmoqda.