AQShda 2012 yilda prezidentlikka saylanish uchun bel bog’lagan respublikachilar ko’p, lekin diqqat markazida asosan Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni, Minnesota shtatidan qonunchi Mishel Bakman va Texasni 10 yildan beri boshqarib kelayotgan Rik Perri.
Ayova shtatida so’zlar ekan, Kongress a’zosi Mishel Bakman maqsadini shuni tushuntirdi:
“Obama qayta saylanmasligi kerak. Men Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod sifatida tanlanib, kelasi yilgi prezident saylovida Obamaning ustidan ga’laba qozonish niyatidaman”.
Endigina poygaga qo’shilgan Rik Perrining niyati ham aynan shu. Oq Uyni demokrat liderdan tortib olish. Perri fikricha Obama ishni eplolmayapti.
“Men Amerikaga ishonaman. Davlat oldiga qo’ygan maqsad va xalqqa berilgan va’dalarni hamma narsadan ustun qo’yaman. Men Amerika kelajagi porloq ekaniga ishonaman. Sizning yordamingiz va Yaratganim irodasi bilan, biz Amerika buyuk degan maqomni qayta tiklaymiz”.
Prezidentlik uchun avval ham kurashgan Mit Romni deydiki:
“Obamaning reytingi misli ko’rilmagan darajada past. Buning sababi - u mamlakatni boshqara olmayapti. Amerika iqtisodiyotni tiklay oladigan prezidentga muhtoj. Men xizmatga tayyorman”.
Rik Perri nomzod sifatida maydonga chiqqani saylovoldi manzarani ancha o’zgartirib yubordi. Texas konservativ arboblarni yetkazib beradigan shtat. Avvalgi prezident, respublikachi Jorj Bush ham aynan shu yerdan.
Bush va Perri azaldan raqib, lekin ular birdek dindor, Iso va Injildan madad olishini aytadi, qolaversa o’zlarini kamtar va oddiy amerikaliklar, Texasning bepoyon dalalarida ot yugurtiradigan kovboylar deb ta’riflaydi.
Bush bilan ishlagan Mettyu Daud fikricha Rik Perri pishiq va uzoqni ko’ra biladigan siyosatchi.
“Perri saylovoldi kampaniyalarining piri. Uning nimaga qodirligini ko’p ko’rganman”,- deydi Daud.
Haqiqatdan ham Rik Perri biror saylovda boy bermagan. Gubernator o'z shtatini farovon qilib, yuzlab ming ish o'rinlari yaratganini aytadi.
Respublikachi da’vogarlar orasida Romnining reytingi nisbatan baland bo’lsa-da, uning siyosiy qarashlari u qadar konservativ emas.
Shu bois ayrim tahlilchilar nazarida, saralash musoqabasida respublikachilar oxir oqibat nomzodlikka keskin qarashdagi, ya’ni demokratlardan tubdan farq qiluvchi arbobni tanlashi mumkin.
Partiyaviy saylovlarda g’olib chiqish bir narsa, lekin bu nomzod pirovardida muxolif partiya ko’rsatgan odamni yenga olishi kerak. Bu degani, butun xalq ko’ngliga yo’l topa bilish, ko’pchilikning ovozini olish kerak.
Oq Uyga qayta saylanish umididagi Barak Obama, demokrat nomzod, respublikachi raqibi kim bo’lishidan qat’iy nazar, u bilan olishishga shay ekanini aytmoqda.