AQSh Kongressi a'zosi, respublikachi, Minnesota shtatidan saylangan Mishel Bakman (Mishele Bachmann) prezidentlik uchun kurash boshlayotganini e'lon qildi.
Tug'ilib o'sgan Ayova shtatida bu borada so'zlar ekan u, Barak Obama bir muddatli prezident bo'lishi kerak deb yurtdoshlarini respublikachilarga ovoz berishga undadi.
Ayova partiyaviy saylovlar, ya'ni ichki saralashni boshlab beradigan shtat. Bu jarayonda har bir partiya o'ziga yagona nomzod tanlaydi.
Shu kungacha sakkiz respublikachi prezidentlik uchun rasman kampaniya boshladi: Mishel Bakman, Ron Pol, Nyut Gingrich, Jon Xantsmen, Tim Polenti, Rik Santorum, Mitt Romni va Xerman Keyn.
"Ildizim Ayovada. Mana shu haqiqat va Xudoga bo'lgan ishonchim meni bugun shu yerga olib keldi", - deydi Mishel Bakman.
Bakman, siyosiy jihatdan o'ta konservativ qarashlari bilan tanilgan "Choychilar" harakati yetakchisi. Hokimiyatni cheklab, davlat xarajatlarini kamaytirish bu partiyaning asosiy maqsadi.
Amerikaning bugungi muammolarini asosan liberalizm va Demokratik Partiya siyosatida ko'radigan "Choychilar" prezident Barak Obamaga umuman ishonmaydi. Uning asl amerikalik ekani va nasroniy dinida ekanini shubha ostiga oladi.
"Choychilar", shuningdek, noqonuniy immigratsiyaga nisbatan keskin choralar ko'rishni talab qilib keladi.
"Men demokrat sifatida katta bo'lganman. Siyosatga ilk bor 1976-yilda Jimmi Karterning saylov kampaniyasida ishlab yurgan paytimda kirganman. Lekin bu demokrat prezident mamlakatimizni to'g'ri yo'lga boshlamadi. Uning liberal safdoshlari xalq pulini qanchalik osmonga sovurganini, dunyodagi nufuzimizni pasaytirib, erkinligimizni cheklaganini ko'rib, respublikachi bo'lishga ahd qilganman", - deydi Bakman.
"2009-yilning fevralida prezident Obama iqtisodiy siyosati bir yil ichida vaziyatni yaxshilaydi deb bong urgan edi... Qani samara? Obamaning siyosati ish bermadi. Prezidentni savolga tutish vaqti keldi", - deydi nomzod.