Saylov-2016: Terrorizm, xavfsizlik so'nggi debatda bosh mavzular

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligiga respublikachi nomzodlarning so'nggi debatida davlat xavfsizligi va tashqi siyosat asosiy mavzular bo’ldi. Ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, Fransiya va Kaliforniyadagi terror xurujlari ketidan xavfsizlik amerikaliklar uchun birinchi o’rinda.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov 2016: Terrorizm, xavfsizlik so'nggi debatda bosh mavzular - Shohruh Hamro

Las-Vegas shahrida o’tgan debatda sahnadagi 9 da’vogarni xavfsizlik va islomiy ekstremizmga qarshi kurash haqidagi savollarga ko’mishdi.

Ma’lumki, so’rovlarda oldinda ketayotgan milliarder Donald Tramp musulmonlarni vaqtinchalik Amerikaga kiritmaslik kerak, deydi. Boshqa barcha nomzodlar jamiyatda shov-shuv uyg’otgan bu taklifga qarshi.

“Din haqida emas, xavfizlik haqida gapiryapmiz. Mamlakatda tartib o’rnatish kerak”, - deydi Tramp.

Jeb Bushga ko'ra, bu gaplar musulmon dunyosini AQShdan uzoqlashtiradi.

"Ularning yordamisiz “Islomiy davlat” jangarilarini qanday yengamiz? Donald so’zga usta, lekin ochig’ini aytganda undan prezident chiqmaydi", - deydi u.

Jeb Bush Trampning fel-atvorini, yirik davlatga yetakchilik qila olishini savolga tutdi.

Bush: “Prezident bo’lish oson ish emas”.

Tramp: “Siz zo’rsiz, bilaman Jeb”.

Bush: “Bizga haqiqiy yetakchi kerak. Hali hech kim boshqalarni haqorat qilib, prezident bo’lgan emas”.

Tramp: "Ommaviy so’rovlarda men 42 foiz bilan oldinda, sizda 3 foiz".

Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” guruhini qanday yengish borasida senatorlar Ted Kruz va Marko Rubioning o’z takliflari bor.

“Harbiy-havo kampaniyasini kengaytirish, kurdlarni qurol bilan ta’minlash, kurashni kuchaytirish kerak”, - dedi Kruz.

“Islomiy davlat” - radikal sunniy guruh. Havo hujumlarining o’zi yetmaydi. Piyoda qo’shinsiz ularga bas kelib bo’lmaydi”, - deydi Rubio.

Ogayo gubernatori Jon Keysik fikricha, bu ishda ittifoqchilarning yordami havodek zarur.

“Islomiy davlat”ni yakson qilish rejasini arab mamlakatlari va Yevropadagi ittifoqchilar bilan birga tuzaylik”, - deydi u.

Senator Rend Pol safdoshlariga o’tmishdagi xatolarni eslatdi.

“Ko’pchilik Suriya prezidenti Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag’darish tarafdori. Undan keyin nima bo’ladi? “Islomiy davlat” Suriyani butunlay bosib oladi”, - deydi Rend Pol.

AQShda terror xurujlarini qanday bartaraf etsa bo’ladi? Qanday strategiya samara beradi? Nyu Jersi shtati gubernatori Kris Kristi huquq-tartibot idoralariga ko’proq vakolat berishga chaqirdi.

“O’tmishda prokuror bo’lib ishlaganman. Terrorchilarga qarshi bir qancha ishlarni yutib chiqqanman. Oq uyga saylansam, bu tajriba qo’l keladi. Xavfsizlikni ta’minlaymiz”, - deydi Kristi.

Navbatdagi debat yanvar oyiga belgilangan. Fevral oyida esa saylov mavsumini Ayova shtati boshlab beradi.