Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, AQSh shaharlarida bo’lib o’tgan namoyishlar sabab yaqinda ko’pgina qayta ochilgan restoranlar yana yopildi. Vashingtonlik bir lobbist ularga yordam berish yo’lini topdi.
Elena Tomkins 20 yildan beri sog’liqni saqlash sohasida lobbist bo’lib ishlaydi. Ammo restoran biznesiga ham qiziqadi.
Koronavirus AQShga kirib kelganidan ko’p o’tmay, Tomkinsning qator tadbirkor do’stlari unga ishchilarini bo’shatayotgani, bizneslarini yopishga majbur bo’layotganini aytishdi. Tomkins ularga yordam bermoqchi edi.
“Yarim tunda ajoyib bir g’oya keldi. Restorani bor bir do’stim bilan gapshayotganimda koronavirus davrida biznesni yopish kerakligi haqida buyruq kelganini aytib qoldi. Ovqatni kasalxonalarga yetkazsakchi, deb o’ylanib qoldim. Chunki, afsuski, tibbiy markazlar shu kunlarda gavjum”, - deydi Tomkins.
Buni ham ko'ring O'zbekistonlik tadbirkor AQShda shifokorlarga issiq ovqat yetkazmoqdaU bir qancha do’stlari bilan bog’lanib, pul tashlashib, yaqin atrofdagi kasalxona uchun 40 kishiga taom buyurtma qildi. Ovqat yetib kelguncha, uning telefoniga yana xabarlar kela boshladi. Yordam berishga tayyor odamlardan.
Shunday qilib, ko’ngillilar tashkiloti paydo bo’ldi. Mart oyida boshlangan kichik loyihaning hozirda mingdan oshiq donori bor.
“Restoranlar bilan ishlash juda oson bo’ldi. Ular xizmatga tayyor. Ovqatni yetkazib berishni o’zlari bajarishadi. Loyihada qatnashishni istaganlarni topish va xayr-ehson borasida ham muammo yo’q. Bu ishni oldindan rejalashni osonlashtiradi. Restoranlar esa buyurtmalar muntazam kelib turganidan xursand. Masalan, 300-400 taomni bir hafta oldin buyursak, biznes egalari xodimlarini ishdan bo’shatmaydi. Biznes davom etaveradi”, - deydi Tomkins.
“Xavvi” restorani egasi Befekedu Mosa ham loyihada qatnashmoqda. Vashingtondagi Bolalar tibbiyot markaziga haftasiga bir necha bor kechki ovqat yetkazib beradi.
“Markazdagi shifokorlar uchun taom olib keldik. Pandemiyaga qarshi ular kurashyapti, hayotini xavf ostiga qo’yayapti. Biz sog’ bo’lishimiz ana shu shifokorlarga bog’liq”, - deydi Mosa.
Tashkilot bugun 25 ta mahalliy restoran orqali 18 ta kasalxonani nonushta, tushlik va kechki ovqat bilan ta’minlaydi.
“Virusga qarshi kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, laboratoriyadagi va boshqa turdagi xodimlar uchun bu loyiha nihoyatda ahamiyatli”, - deydi Bolalar kasalxonasi rahbari Marta Parra.
O’nlab ko’ngillar tashkilot bilan ishlasa-da, xayriya loyihasini atigi besh kishi yuritadi. Sara Kanova shulardan biri.
“Faoliyatimiz natijasini “Instagram” kabi ijtimoiy kanallarda kuzatamiz. Hatto bir bola tug’ilgan kunida olgan 11 dollar sovg’a pulini tashkilotimizga xayriya qildi. Yordam beraman, boshqalarga nafi tegayotgan loyihaga qo’shilaman deganlar ko’p”, - deydi Kanova.
Elena Tomkins loyihani hali-beri to’xtatmoqchi emas. Kengayishda davom etadi.
“Kasallik AQShda juda keng tarqalgan. Ko’plab odamlar undan aziyat chekmoqda. Bizning ishimiz – dasturni kengaytirish. Yegulik yetkazilayotgan tibbiyot muassasalari va shifokorlar sonini qancha oshirsak, shuncha yaxshi”, - deydi u.
AQShning boshqa shtatlarida ham o’xshash tashabbuslar boshlangan.