"Ozodlik" radiosining Bakudagi idorasi tintuv qilinib, yopildi

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjon prokuraturasi "Ozodlik" radiosining Bakudagi idorasida tintuv o'tkazib, kompuyterlarni musodara qilgan. Idora ayni paytda yopiq, ayrim xodimlar so'roq qilinmoqda.

Reyd prokuratura xodimlari va qurollangan zobitlar tomonidan o'tkazilgan. Ularning aytishicha, Ozariy xizmati tashqaridan moliyalanuvchi tashkilot sifatida tekshirilmoqda.

"Ozodlik" va "Amerika Ovozi" Amerika xaqaro teleradio kengashi tomonidan boshqariladi va AQSh Kongressi ajratgan mablag' evaziga ishlaydi.

Ozariy xizmati direktori Kenan Aliyev mamlakatda mustaqil axborot vositalari va fuqaro jamiyatiga qarshi kampaniya ketayotganini aytadi.

"Yaqinda jurnalistlarimizdan biri Xadicha Ismayilovani ham qamoqqa olishgan edi, shu bahonada bizning byuroga ham bosim o'tkazishyapti", - deydi u.

Ismayilova hukumatdagi korrupsiya, prezident Ilhom Aliyev va uning qarindoshlari olib borayotgan bizneslarni yoritgan maqolalari bilan tanilgan. Prezident idorasi uni sotqinlikda ham ayblagan. Uch hafta ilgari Ozarbayjon sudi muxbirni hibsga olish to'g'risida qaror chiqargan edi.

Amerika xalqaro teleradio kengashi Xadicha Ismayilova panjara ortida saqlanayotganini qoralab, uni darhol ozod etishga chaqirmoqda.

Ozariy xizmati idorasi, Baku