Markaziy Osiyo-Kavkaz Instituti Ramsfeld stipendiya dasturi asosida har yili 10 ga yaqin yosh taqdiqotchi va bo'lajak liderlarni Vashingtonga olib keladi. Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidagi turli davlatlardan kelgan bu yoshlar Vashingtonda hukumat rasmiylari va fuqarolik jamiyati faollari bilan uchrashib, o'zaro tajriba almashadi va vatanlariga yangicha qarash va bilimlar bilan qaytadi. Dasturning bu yilgi ishtirokchilari yaqinda mintaqadagi mavjud muammo va imkoniyatlar haqida davra suhbati o'tkazdi.
Yosh liderlar davra suhbatida mintaqa yuzlashib turgan umumiy muammolar va imkoniyatlar haqida fikr yuritdi. Gruziyalik dastur ishtirokchisi, Gruziya prezidenti maslahatchisi Tengiz Pxladzening aytishicha, mintaqaning eng dolzarb masalalari va muammolari xavfsizlik, energiya, demokratiya va iqtisodiyotga aloqador.
"Shunday muammolarni hal qilish uchun tashqi kuchlar bilan hamkorlik qilishimiz muhim. Bu masalada Gruziya yaxshi namuna bo'la oladi. Biz xavfsizlik bo'yicha AQSh va NATO bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni yo'lga qo'yganmiz. Tranzit, iqtisodiyot va demokratiya hamda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish masalalarida ham Gruziya muvaffaqiyat qozondi", - deydi u.
Mongoliyalik Badamdash Dashdava yirik media korporatsiyasi rahbari. U mintaqaning axborot bozoriga Xitoy kabi yaqin qo'shnilar faol kirib kelayotganidan ogohlantiradi.
"So'nggi 10 yillikda Xitoy media va axborot orqali mintaqaga faol kirib kelmoqda. Rossiya ham hanuz madaniyati va axborot kanallari orqali regonda katta ta'sirga ega. Fuqarolik jamiyatini kuchaytirish uchun boshqa davlatlar bilan ham hamkorlikni oshirish kerak. Mongoliya bu yo'nalishda ancha muvaffaqiyatlarga erishgan", - deydi u.
Yosh liderlar anjumanida Afg'onistonga ham alohida e'tibor qaratildi. Chunki bu hududdagi xavfsizlik va beqarorlik muammolari butun mintaqaga ta'sir ko'rsatadi.
Afg'onistonlik inson huquqlari faoli Farishta Saxiy mamlakat yuzlashib turgan asosiy muammolarga to'xtalib o'tdi.
"Ichki xavfsizlik muammosi boshqaruvning zaifligi, jinoiy harakatlar va korrupsiya bilan bog'liq. Bular mamlakatda beqarorlikka sabab bo'layotgan asosiy masalalar. Qonun ustuvorligining yo'qligi, inson huquqlarining poymol qilinishi ham yuqori. Butun mintaqaga ta'sir o'tkazayotgan post-kolonial muammolar ham bor. Chegaralarning to'g'ri belgilanmagani, chegara nazoratining zaifligi va natijada narkobiznes va qurol-yarog'ning noqonuniy olib o'tilishi kabi holatlar hanuz davom etmoqda", - deydi afg'onistonlik Farishta Saxiy.
Tojikistonlik tadbirkor, "Nurafzo" tibbiyot kompaniyasi rahbari Akmal Asoyev Markaziy Osiyodagi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun paydo bo'layotgan yangi imkoniyatlar haqida gapirdi.
"Markaziy Osiyo davlatlari orasida aloqalarning iliqlashishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, O'zbekistonda. Mamlakatlar orasida chegaralarni osonlashtirish, savdoni rivojlantirish uchun hozir tarixiy bir palla yuzaga keldi. O'z sohamdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, sog'liqni saqlash tizimida ham mintaqa davlatlari o'zaro hamkorlik qilishi mumkin va bu iqtisodiyotlarimiz uchun ham juda yaxshi. Hozir o'zimizda tibbiy xizmat sifati pastligi uchun mintaqa fuqarolari xorijga ko'p borishadi. Shu xizmatni o'zimizda tashkil etishimiz mumkin. Boshqalar davolanish uchun bizga kelsin", - deydi u.
Qozog'istonlik Asal Jumadil mintaqa taraqqiyoti uchun ta'limning ahamiyatiga alohida e'tibor qaratib, buni Qozog'iston misolida tushuntirib berdi.
"Taxminan, 12 ming qozog'istonlik hozir 33 dan ortiq davlatda, 200 dan ortiq universitetda oq'imoqda. Ularni bitirganlarning vatanga qaytish ko'rsatkichi yuqori. 95 foizdan ortig'i Qozog'istyonga qaytib kelyapti. Demak, mamlakatning kejalagiga ular ishonadi va bugungi taraqqiyotda buning hissasi bor", - deydi u.
Anjuman ishtirokchilarining barchasi mintaqaga xos umumiy muammolarni yengish va imkoniyatlardan yaxshi foydalanish uchun davlatlar o'rtasida o'zaro aloqalarni kuchaytirish muhimligiga e'tibor qaratdi.