AQSh teleradio kengashi rasmiysi Rossiyaga kiritilmadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi raisi, "NBS Universal" rahbari Jeff Shell

AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi raisi (Broadcasting Board of Governors), "NBC Universal" kompaniyasi rasmiysi Jeff Shell Rossiyaga kiritilmadi. U biznes safari bilan Moskvaga borganida aeroportda to'xtatilgan va qulflangan xonada bir necha soat ushlab turilgan.

"Amerika Ovozi", "Ozodlik" va boshqa teleradiolarni boshqaruvchi idora raisi 12-iyul kuni Moskvadagi aeroportda navbatda turganida chetga olib chiqilgan. Holbuki, uning qo'lida vizasi, tegishli hujjatlari bo'lgan.

So'ng soqchilar uni Amsterdamga uchayotgan samolyotga o'tirg'izib qo'ygan.

Amerika Xalqaro Teleradio Kengashi bayonotiga ko'ra, aeroport xodimlari Jeff Shellga "Rossiyaga umrbod kirmaysiz endi" qabilida gap qilishgan.

Aynan nima uchun to'xtatilib, chiqarib yuborilgani yuzasidan Shellga biror izoh berilmagan. Amerika teleradiosi vakillari 13-iyul kuni Moskvada AQSh elchisi Jon Tefft bilan ko'rishib, voqeani muhokama qilgan.

O'tgan hafta Davlat departamenti iyunda rossiyalik ikki diplomat Qo'shma Shtatlardan chiqarib yuborilganini ma'lum qilgan edi. Moskvada AQSh elchixonasidagi hodisa bilan bog'liq bu, deydi departament mutasaddilari. Xususan, Moskvada Amerika elchixonasining rus soqchisi AQSh diplomatini kaltaklagan.