Rossiya armiyasi Lugansk viloyatini to'liq nazoratiga oldi

  • Amerika Ovozi

Luganskning Lisichansk shahri viloyatda Ukraina nazoratidagi so'nggi nuqta edi

Rossiya armiyasi Ukrainadan ajralib, o’zini mustaqil davlat deb e’lon qilgan sharqdagi Lugansk viloyati yakshanba kuni ukrain harbiylaridan to’liq tozalanganini ma’lum qildi. Viloyatning ukrain askarlari nazoratidagi so’nggi nuqtasi – Lisichansk shahri urushning 130-kunida ruslar qo’liga o’tdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-iyul, 2022-yil

Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Prezident Vladimir Putinga hisobot berdi.

"Lugansk viloyatidagi janglarda faol qatnashgan va g’alabaga erishgan qo’shinlar dam olib, jangovar salohiyatini kuchaytirishi kerak”, - dedi Putin.

Janglar endi qo’shni Donetsk viloyatining Seversk shahriga o’tdi. Oldinda hali Baxmut, Slavyansk va Kramatorsk shaharlari uchun olishuvlar kutilmoqda.

Lisichanskning qo’ldan chiqarilganini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tasdiqladi. Unga ko’ra, Ukraina armiyasi shahardan chekingan, Rossiya esa shahar qurshovda bo’lganini, ikki mingdan ziyod ukrainalik harbiy halok bo’lganini, o’nlab askar taslim bo’lganini da’vo qilmoqda.

Lisichansk aholisining bir qismi Ukrainaning boshqa hududlariga qochgan, yana ba’zilari Rossiya qo’shinlari kirganidan xursandchiligini yashirmayapti.

Zelenskiy G’arb va’da qilgan uzoq masofali artilleriya va raketa tizimlari olinishi bilan qarshi hujumga o’tilishini ma’lum qildi. Yakshanba kuni Kiyevga tashrif buyurgan Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanez Zelenskiyga qo’shimcha harbiy yordam va’da qildi.