Virus o'chog'i Moskvada cheklovlar may oxirigacha uzaytirildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Moskvada ikki oydan beri karantin. Koronavirus bilan kasallanganlar soni bu shaharda va mamlakat bo’ylab oshishda davom etmoqda. Hukumat, xususan, sog’liqni saqlash tizimi qanchalik samarali ekani yuzasidan tanqidga uchrayapti.

Moskva - Rossiyada COVID-19 pandemiyasining o’chog’idir. O’n minglab kasallanganlar orasida Bosh vazir Mixail Mishustin ham bor. Mamlakatda virusni yuqtirganlar 200 mingga yaqinlashmoqda, undan o’lganlar esa 1800 dan oshdi.

Rasmiylar vaziyat to’liq nazorat ostida ekanini aytadi. Biroq shahar kasalxonalari favqulodda vaziyatga bardosh bera olmayotgani yuzasidan tanqidlar yog’ilmoqda, jumladan shifokorlar kasaba uyushmasidan.

“Kasalxonalar gavjum. Bemorlar tibbiy yordam olishga mo’ljallanmagan inshootlarda yotqizilmoqda. Bu joylar hech qanday epidemiologik talabga javob bermaydi, ventilyatsiyasi yo’q. Buning ustiga, shaharda tibbiyot xodimlari yetishmayapti”, - deydi uyushma raisi Anastasiya Vasilyeva.

Moskvada 30-martda boshlangan karantin 31-maygacha uzaytirildi. Odamlar do’konlarga chiqishi hamda zarur hisoblangan ish joylariga ruxsatnoma bilan borishi mumkin. Shahar meri Sergey Sobyaninga ko’ra, ayrim kompaniyalarga 12-maydan faoliyatini qayta boshlashga ruxsat beriladi.

Mer so’zlariga ko’ra, Moskva aholisining 2-2,5 foizi, ya’ni taxminan 300 ming kishi virusni yuqtirgan bo’lishi mumkin. Hozirgi vazifa, deydi u, yuqtirganlarni maksimal darajada aniqlashdir.

“Nima uchun? Ularni karantinga olish uchun. Toki boshqalarga, qo’shnilari va ishdagi hamkasblariga yuqtirishmasin. Kerak bo’lsa, og’ir ahvolga tushmasligi uchun ularga ambulatoriya sharotida davolanish yozib beriladi”, - deydi Sobyanin.

9-may G’alaba bayramiga atalgan harbiy parad va tantanalar qoldirilgan. Poytaxt osmoni uzra samolyotlar uchib o’tdi, xolos.

Ammo tahlilchilarga ko’ra, Rossiya biznes sektorini iqtisodiyot eng ko’p tashvishga solmoqda. Prezident Vladimir Putin karantinni “pulli ta’til” deya belgilagani qo’shimcha yuk bo’ldi.

“Xususiy kompaniyalar haqida gapiradigan bo’lsak, taxminimga ko’ra, kichik bizneslarning 90 foizi, o’rta bizneslarning 50 foizi yopilib ketadi”, - deydi iqtisodchi Dmitriy Potapenko.

Moskva iqtisodiyoti to’xtab qolgan. Uni qachon, qanday ochish strategiyasi noaniq.

“Karantin bizni qutqara olmaydi. Asabiylashmasdan matematikadan foydalanish kerak. Aholi o’zini xavfsiz his qilsin desak, virusologlar aytganidek, jamoa immuniteti shakllanishi kerak. Ya’ni aholining 60 foizi kasallikni boshdan kechirishi lozim”, - deydi Potapenko.

Mamlakatning iqtisodiy kelajagi savol ostida va dunyo vaksina yaratilishini kutar ekan, ayrim rossiyaliklar dindan najot izlamoqda.