Rossiya Qrimni egallab olishidan bir yil o'tdi. G'arb va Rossiya munosabatlari so'nggi 20 yilda eng quyi nuqtaga yetganiga qaramay, Qora dengiz bo'yidagi kurort maskanlari yana sayyohlarni sekin-asta o'ziga jalb etmoqda. Ammo xalqaro sanksiyalar turizmdan keladigan daromadni kamaytirgan.
Qrim ham ukrainlar, har rossiyaliklar uchun mashhur dam olish hududi hisoblanadi.
Ammo o'tgan yili yarimorol ustidan nazorat Rossiyaga o'tganidan beri bu yerdan ukrainaliklarning oyog'i uzildi.
Mahalliy sayyohlik biznesi egasi Aleksandr Yurchenko daromadini saqlab qolish uchun narxlarni oshirdi. Ammo chegarada nazoratning kuchaygani ishning beliga tepmoqda, deydi u.
"Xitoyliklar dushmanlariga hayotingda o'zgarish bo'lsin, deb aytarkan. 45, 50 yoki 60 ga kirgan odamning hayotida kutilmagan o'zgarish bo'lsa, 15 yildan beri qilib kelgan ishi, soliq va boshqa masalalarni endi tartibga solgan payti, yana o'zgarsa, buning salbiy oqibatlari ko'p bo'ladi", - deydi u.
G'arb sanksiyalari Qrim banklariga jiddiy zarar qilib, mintaqa iqtisodiyotini naqd pul asosida ishlaydigan holatga keltirdi.
Rossiya iqtisodiyoti zaiflashar ekan, bu Qrimga dam olish uchun tashrif buyuruvchi ruslar soni ham kamayishidan dalolat beradi.
Sekin-asta muammolarni bartaraf qilib boryapmiz, deydi mahalliy mehmonxona ijrochi direktori Anastasiya Fedoseyeva.
"Asosiy muammo yangi hamkor va odamlar topish bo'ldi. Chunki Ukrainadagi eski sayyohlik firmalari bilan ortiq ishlay olmaymiz. Pul to'lovlarini amalga oshirishda bank tizimi bilan ham muammolar bo'ldi. Kelayotgan mavsumda bu muammolar bartaraf qilinadi, deb o'ylayman", - deydi u.
O'tgan yili Rossiyaning Qora dengiz floti va noma'lum harbiylar guruhi Ukrainaning Qrimdagi harbiy bo'linmalarini egallab oldi.
So'ng mintaqada bahsli referendum o'tkazilib, Qrimning rasman Rossiyaga qo'shilgani e'lon qilindi.
Yarimorolning aksariyat rusiyzabon aholisi Rossiyaga qo'shilishni yoqlagan bo'lsa-da, Andrey va Tatyana kabi ayrim rossiyaliklar o'zgarishlardan norozi.
"Qrim Rossiyaning bir qismi bo'lishi kerak, ammo bu shaklda emas. Bo'ladigan ish bo'ldi. Lekin bu noto'g'ri", - deydi Andrey.
"Muzokara va o'zaro kelishuv yo'li bilan amalga oshirilishi kerak edi, bunaqa qilib emas", - deya uning fikrini ma'qullaydi Tatyana.
Rossiyaliklar Qrimning Rossiyaga qo'shilish qarorini tarix bilan bog'lashadi.
Tanqidchilar esa Moskvani Ukraina sharqidagi qo'zg'olonni qo'llab-quvvatlab, Yevropa chegaralarini qayta chizishga urinayotganlikda ayblaydi.
Rossiya Qrim iqtisodiyotini ko'tarish uchun mintaqaga ulkan sarmoya kiritishga va'da bergan. Ammo hududda Rossiya hukmronligi davom etar ekan, G'arb sanksiyalariga yo'liqqan yarimorolning taraqqiy etishi juda qiyin kechadi.