Rossiyada ko’zga ko’ringan muxolifatchi Aleksey Navalniyning qamoqxonadagi o’limi AQSh siyosiy doiralarida Rossiyaga qarshi ritorikaning kuchayishiga sabab bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Jo Bayden qonunchilardan Ukrainaga yordamni kuchaytirishni talab qilmoqda, biroq uning respublikachi raqibi Donald Tramp diqqatni Ukrainaga emas, AQSh chegarasidagi vaziyat va chegara xavfsizligiga qaratishga chaqirmoqda.
Bayden Navalniyning o’limida Prezident Putinni aybladi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga so’z berdi.
“Haqiqat shuki, bu ishga Putin mas’ul. Navalniyni o’ldirishga buyruq berdimi u, yo’q, muhimi o’sha odamni bunday sharoitga qo’yishda mas’ul Putindir. Bu uning kimligini ko’rsatmoqda. Bunga toqat qilib bo’lmaydi. Buning uchun javob berishiga to’g’ri keladi”, - dedi Bayden.
Kreml unga qarshi da’volarning asossiz ekanini bildirar ekan, Navalniyning o’limi sabablari tergov qilingunga qadar uning jasadi onasiga topshirilmasligi aytilmoqda.
Tashqi siyosatga kelganda Trampning qarashlari Baydennikidan farq qiladi. U NATOni Baydenchalik himoya qilmasligini aytadi, o’zini Navalniy kabi siyosiy ta’qib qurboni deb atadi.
“Bo’lgan voqea dahshatlidir, ammo bu bizning mamlakatda ham sodir etilyapti. Ko’p jihatdan kommunistik mamlakatga aylanyapmiz. Yetakchi nomzod bo’lganimdan beri boshim sudlardan chiqgani yo’q. Menga to’rtta ayblov qo’yishdi. Sakkiztami, to’qqizta sudda qatnashishim kerak. Bularning barchasi burnimni siyosatga suqqanim uchun”, - deydi Tramp.
Sobiq prezident Oq uyga qaytsa, Ukrainadagi urushga bir kunda yakun yasashini, hokimiyat tepasida bo’lganida Putin Ukrainaga hujum qilishga jur’at etolmagan bo’lishini aytadi.
Respublikachilarning ayrimlari mojaroga aralashish AQSh manfaatiga javob bermasligini bildirarkan, Amerikadan yordamning to’xtagani jang maydonida Ukrainaga qimmatga tushmoqda - Avdeyevka qo’ldan boy berildi, Rossiya armiyasining hujumlari kuchaymoqda.
Kongressmen Brayan Fitspatrik Senat qabul qilgan tashqi yordam paketi quyi palatada ham tasdiqlanishiga umid qilmoqda. Unda Ukraina uchun 40 milliard dollar ko’zlangan.
“Yevropa va AQShdan yordamning sekinlashgani Ukrainaga zarar bo’layotgani aniq. Bunga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Qonunni qabul qilishimiz kerak”, - dedi qonunchi.
Ukraina tarafdorlari Amerika yordamisiz urush boy berilishini aytmoqda.
“Gap hozir Amerika haqida ketyapti. U o’z va’dasiga vafo qilib, ittifoqlaridan voz kechmay, qudratini ko’rsatib kuchli davlat sifatida rolini bajarishda davom etadimi yoki Amerika ortiq jiddiy kuch emasmi? Mana shu asosiy savol hozir. Gap Rossiya yoki Ukrainada emas”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetidan Piter Pomeransev.
Quyi palata qonunchilari fevral oxirigacha ta’tilda. Spiker Mayk Jonson qonun loyihasini hatto ovozga qo’ymasligini aytib keladi.
Ko’p mamlakatlar Rossiyani Ukraina bilan tinchlikka kelishishga da’vat etmoqda. Prezident Putin muzokaraga tayyor ekanini aytib keladi. Biroq kuzatuvchilar nazarida, Rossiya Ukrainaning o’ziga qo’shib olgan to’rtta viloyati va Qrimni qaytarib berishga tayyor emas. Aksincha harbiy harakatlar orqali Putin yana bir necha viloyatni qo’lga olishga umid qilmoqda.
Xususan Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev rus qo’shinlari hatto Kiyevgacha borishini hisobdan chiqarmadi:
"Bunga ikkita sabab bor. Birinchisi, Kiyev – rus shahri. Ikinchidan, Kiyev Rossiya Federatsiyasiga xavf solyapti, Rossiyaning xalqaro dushmanlari tomonidan nazorat qilinyapti, Amerika tomonidan boshqarilyapti”, - deydi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibining o’rinbosari.