"Kommersant" gazetasining yoritishicha, Kreml yangi vazirlik tashkil qilmoqchi. U barcha xavfsizlik organlarini birlashtirgan tizim bo'ladi va 2018-yilning mart oyida o'tadigan prezident saylovlaridan oldin ochiladi.
Davlat xavfsizligi vazirligi degan nom ruschada qisqa MGB bo'ladi. Bu esa Iosif Stalin asos solgan va 1946-1953 yillarda faoliyat yuritgan vazirlik nomidir. Stalin vafotidan keyin MGB KGBga aylangan, vazirlik qo'mita shakliga kirgan.
MGB hozirgi Federal xavfsizlik agentligi, Federal soqchilik xizmati va Prezident xavfsizligi xizmati kabi organlarni o'z ichiga oladi.
MGBga Rossiya tashqi razvedka xizmati ham kiradi. Shuningdek, huquq-tartibot va Ichki ishlar vazirligi ham bu yangi organ nazoratiga o'tadi.
Yil boshida Putin Milliy Gvardiyaga asos solgan edi. Bu tizim chegara xavfsizligi, terrorizmga qarshi kurash, uyushgan jinoiy guruhlar, strategik inshootlar xavfizligi va jamoat xavfsizligi uchun mas'ul.
Milliy Gvardiyaga Viktor Zolotov rahbarlik qiladi. Zolotov Putinga 1990-yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis. U 2000-2013 yillarda Prezident xavfsizlik xizmatini boshqargan, keyinchalik Ichki ishlar vazirligida maxsus kuchlarga yetakchilik qilgan.
Rossiya harbiy razvedkasining sobiq xodimi Boris Volodarskiy fikricha, KGB singari kuchli organni yaratish Putinning orzusi edi va u ro'yobga chiqmoqda.
Stalin davrida MGB va undan keyingi KGB effektiv xizmat qilgan. Davlat xavfsizligini ta'minlash uchun nihoyatda zarur organ edi.
Volodarskiy hozirgi xavfsizlik agentliklarini tarqoq deya tasvirlaydi. Prezident Xavfsizlik xizmati, uning nazarida, eng kuchlisi. Federal Xavfsizlik xizmatini u ancha zaif deb hisoblaydi.
Viktor Zolotov va uning Milliy Gvardiyasi Prezident Putin uchun strategik qurol, deydi Volodarskiy. Putin uchun bu organ shaxsiy xavfsizlik demakdir.
Andrey Soldatov, Agentura.ru sayti bosh muharriri fikricha esa, Federal xavfsizlik xizmati oldindan KGB sifatida ishlab keladi.
“Bu organ 16 yildan beri, ya'ni Putin hokimiyatga kelganidan beri ikki vazifani bajaradi: josuslarni yo'q qilish va xavfli fuqarolarni ezish".
“KGBning ishi shu edi. Sovet jamiyati shunday nazorat qilingan va Putin buni juda yaxshi biladi. Endilikda Federal Xavfsizlik xizmatini MGB degan vazirlikning bir qismiga aylantirib, barcha agentliklarni bir tizimga solish tabiiy, mantiqiy jarayon", - deydi Soldatov.
MGBga kimlar ishga olinadi? Tanlov qattiq kechadi, albatta, deydi mutaxassislar, lekin asosan mavjud organlarning xodimlari saralanadi.
Siyosatshunos Andrey Kolesnikov tahlilicha MGB tuzilayotgani Kreml kelajakdan xavotirda ekanini anglatadi.
“Elita qanchalik qo'rquvda ekanidan dalolat. Tashqi va ichki siyosat bilan bog'liq muammolar, xalqdan qo'rqish, iqtisodiy tahdid, ijtimoiy portlashlar... Bu holatlarning oldini olish uchun kuchliroq tizim kerak, degan qarashlar mahsuli bu".