Kecha Qirg’izistonda navbatdagi qirg’iz-rus muzokaralari yakunlandi. Rossiya delegatsiyasiga hukumat raisi birinchi muovini Igor Shuvalov yetakchilik qilgan. Muzokaralar natijasida Kreml rasmiylari Qirg’izistonning 489 million dollarlik davlat qarzidan kechishga rozilik bildirdi. Shuningdek, yilning ikkinchi yarmida tomonlar yirik energetik loyihalar hamda harbiy sohada hamkorlik borasida yangi shartnomalarga imzo chekishi e’lon qilindi.
Rossiya Qirg’izistonning 489 milliyon dollar davlat qarzidan kechishga tayorligi kunning eng muhim yangiliklaridan biri bo’ldi. Bu haqda ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari muzokaralar so’ngida e’lon qildi.
Rossiya Qirg’izistonning 489 milliyon dollar davlat qarzidan kechishga tayorligi kunning eng muhim yangiliklaridan biri bo’ldi. Bu haqda ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari muzokaralar so’ngida e’lon qildi.
Shuningdek, tomonlar Qambar-Ota-1 va yuqori Norin energetik inshootlari yangi shartnomalar borasida so’z yuritdi va aytilgan hujjatlar kelasi oy imzolanilishini xabar qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, delegatsiyalar harbiy sohada hamkorlik xususida yangi bitim tuzishga kelishib olgan. Tegishli hujjatlar yil oxirigacha imzolanishi aytildi.
Taniqli qirg’iz diplomati, sobiq davlat kotibi Ishenboy Abdrazaqov aytilgan masalalarni shunday sharhlaydi:
“Bu hammasi eski masalalar… Ular ko’p yillardan beri muhokama qilinib kelinyapti. Qarzga kelsak, o’z vaqtida berilgan mablag’dan samarali foydalanganimizda qarz bunchalik katta bo’lmas edi. Albatta, endi qarzdan kechayotgan tomon o’z shartlarini ham qo’yadi. Qambar-Ota GESi borasida ham biron nuqtai nazarga kelishgan bo’lsa nur ustiga nur. Chunki bu masala ham o’n yildan ziyod muhokama qilinmoqda”.
Darhaqiqat Moskva va Bishkek Norin daryosida yangi GESlar qurish xususida ko’p yillardan buyon so’z yuritib keladi. Avvalgi shartnomada tomonlar loyihada o’z qismlari tengma teng bo’lishiga kelishgan. Ammo keyinchalik rus tarafi o’z qismini ko’tarishga xohish bildirgan. Qator muzokaralar natijasida tomonlar pozitsiyasi yaqinlashgani ko’zga tashlanadi.
Suhbatdosh nazarida, hozir bir narsaga amin bo’lish vaqti keldi – bu yana quruq so’zlarmi yoki amaliy ishning boshlanishimi.
Harbiy sohadagi hamkorlik borasida tayyorlanayotgan yangi hujjatlarga kelsak, mutaxassislarga ko’ra so’z, jumladan, birlashgan qirg’iz-rus harbiy bazasi haqida ketishi mumkin.
Tahlilchilar aytishicha, Rossiyaning Qirg’izistonda faollashuvida geostrategik vaziyat ta’siri ham seziladi. Ayrim mintaqa mamlakatlarining Moskva doirasidan uzoqlashishi Rossiyani Qirg’izistondagi manfaatlarini mustahkamlashga undayotir degan fikrlar ham mavjud.