Putin uchun Rossiyadagi namoyishlarning ildizi G'arbda

  • Amerika Ovozi

Rossiya hukumati va xavfsizlik idoralari tanqidchilar va muxolif guruhlarga nisbatan yumshoqroq yondashish haqidagi chaqiriqlarga befarq. Kuzatuvchilarga ko'ra, Kreml muxolifat yetakchilari va ularning tarafdorlariga qarshi tazyiqlarni davom ettirmoqda.

O'tgan hafta Aleksey Navalniyga qarashli anti-korrupsion jamg'arma "xorijiy agent" deya tamg'alandi, uning filiallarida reydlar o'tkazildi.

"Maosh va mukofot pullarini olib yurgan, davlatdan kvartira olgan yuzlab xavfsizlik xodimlari bema'ni ishlar qilib yuribdi: yuqoridan kelgan buyurtma asosida ular oddiy odamlarning kvartiralari, shaxsiy buyumlari, suratlari, hujjatlarini tekshirmoqda, kompyuterlari va boshqa elektron jihozlarini musodara qilmoqda. Odamlarni soatlab so'roqqa ham tutishmoqda", - deya yozadi siyosiy sharhlovchi Fyodor Krasheninnikov "Moscow Times" gazetasidagi maqolasida.

Unga ko'ra, xavfsizlik xodimlari rahbariyat tomonidan to'qib chiqarilgan konspiratsion teoriyalarga dalil qidirish bilan band.

Aleksey Navalniy jamg'armasi joylashgan bino

Xorijiy aralashuv

Teoriyalardan biri shuki, namoyishlar ortida demokratiya targ'iboti bilan shug'ullanuvchi G'arb nohukumat tashkilotlari va xalqaro teleradiolar turibdi. Ayrim rus qonunchilariga ko'ra, "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va "BBC"ni o'tgan oygi mahalliy va regional saylovlarni yoritishda Rossiya qonunlarini buzgan.

Ular shu yil boshida tuzilgan parlament komissiyasi a'zolaridir. Komissiya xalqaro teleradiolar va internet xizmatlari, jumladan Germaniyaning Doyche Velle (Deutsche Welle) yangiliklar xizmati va "Google" kompaniyasi, Rossiyaning ichki ishlariga aralashgani, xususan Kremlga qarshi namoyishlar uyushtirgani va odamlarni qatnashishga undagani haqidagi da'volarni tekshirmoqda.

Komissiya rahbari Vasiliy Piskarev deydiki, media qonunlari ijrosini nazorat qiluvchi idoralar saylov paytida va saylov kuni qonunlar xalqaro teleradiolar tomonidan buzilgannini tasdiqlagan. Ularni kelajakda jarimaga tortish bo'yicha qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Rossiya Dumasi

Piskarevning so'zlari hukumatga qarshi namoyishlarda xorijiy kuchlarni ayblayotgan Kremlning bayonotlari bilan hamohang. Ayrim tahlilchilarga ko'ra, Moskva dezinformatsiya va xorijdagi saylovlarga aralashuv to'g'risidagi G'arbdan kelayotgan tanqidlarni G'arbning o'ziga qaratishga urinmoqda.

Boshqalar nazarida, tashqi aralashuv haqidagi ayblovlar Kremlning "rangli inqiloblar" G'arbning ishi degan azaliy tasavvurlarini aks ettiradi. Prezident Putin namoyishchilar qandaydir yo'l bilan G'arbdan ko'rsatma olayotgani haqidagi fikrlarini ochiq aytadi. Bunday qarashlar 2014-yilda Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovichning hokimiyatdan ag'darilishi ketidan yanada kuchaygan.

Kremlning muxolifatga qattiqqo'l munosabati G'arbda anchadan beri davom etayotgan munozarani yana qizdirdi: Rossiya rahbari Kremlga qarshi norozilik aksiyalari G'arb tomonidan uyushtirilishiga haqiqatan ishonadimi? Yoki bunday gaplar Putin uchun dushman qurshovidamiz deb xalqni ishontirish va raqiblarini obro'sinlanirishning bir yo'limi?

Putinning xayolida nima?

Siyosatshunos Tatyana Stanovaya tahlilicha, hukumatdagilar G'arbning aralashuviga shubha qilmaydi, Putin ham bunga ishonadi.

Obama davrida AQShning Moskvadagi elchisi bo'lgan Maykl Makfolning "Sovuq urushdan issiq tinchlik sari" kitobida yozishicha:

"Biz, AQSh hukumatida ishlaydiganlar, bu haqda doimo bahs qilardik, ba'zida Prezident Obama ham qo'shilardi. Putin Amerika Rossiyada qo'poruvchilik harakatlarini olib borishi haqidagi ertakka chindan ishonadimi? Yoki bunday gaplardan bilan xalq quvvatlovini olish uchun foydalanadimi?"

Makfol avvaliga ikkinchi talqinga ishongan. "Kremldagi siyosiy maslahatchilar ahmoq emas. AQSh Rossiyada nimalar qilayotgani va qilmayotganini aniq bilishadi axir", - deydu u.

Ammo keyinchalik diplomat fikrini o'zgartirdi. "Putin va uning yaqin maslahatchilari haqiqatan biz uning hukumatini ag'darishga harakat qilayotganimizga ishonar ekan", - deydi Makfol.

AQShning Moskvadagi sobiq elchisi Maykl Makfol

U elchi bo'lgan davrda AQSh Rossiyada siyosiy muxolifatni moliyalamagan, Makfol Aleksey Navalniy bilan uchrashmagan.

21-oktabr kuni Rossiya prezidenti qoshidagi Inson huquqlari kengashi isloh qilinib, hukumatni tanqid qilgan bir necha a'zolari, jumladan kengash rahbari ishdan olingan. Bu xabar rossiyalik faollar tomonidan xavotir bilan qarshi olindi. Kengash vakolatsiz maslahatchi rolini bajarsa-da, o'tmishda inson huquqlari tashkilotlari va Kreml o'rtasida vositachilik qilgan. Tashkilot Putinning maslahatchilari va tanqidchilarni bir davraga to'play olardi.