Rossiya OAV orqali propagandani kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya hukumati farqli xabarlar va qarashlar tarqatish shiori ostida xalqaro radio va telekanallar faoliyatini kuchaytirmoqda. Yaqinda AQSh poytaxti Vashingtonda, Oq uydan bir chaqirim narida Moskva moliyalaydigan "Sputnik" radiosi ish boshladi. Bu radio ancha ilgari ochilgan "RT" telekanali uslubida ishlaydi. Rossiya moliyalaydigan bunday ommaviy axborot vositalari allaqachon Yevropada katta auditoriyaga ega, boshqa hududlarda ham ta'sir doirasini kengaytirishga urinmoqda. Ammo ularni propaganda quroli deya tanqid qiladiganlar ham ko'p.

Shimoliy Karolinadagi Milliy mudofaa universiteti professori Piter Yeltsov o'tgan yili Serbiyaga borganda, "Sputnik" tomonidan savolga tutildi. Radio Kreml ta'siri ostida ekaniga shubha yo'q, deydi u.

"Ular sizni tinglashadi, buni ham aytib qo'yay. Lekin savollar 100 foiz Kremlparast. Ayniqsa, sobiq Sovet Ittifoqi, Ukraina, Kavkaz va Yevropa siyosati masalalarida. Janob Putinning matbuot kotibini tinglayotgandek bo'lasiz", - deydi u.

Yeltsovning aytishicha, "Sputnik"ning Belgraddagi ofisi juda shinam va shahar markazida joylashgan.

"Belgradda go'zal studiyalari bor. Moliyaviy tomondan yaxshi ta'minlangan. Ofislari eski shaharda, bir necha tilda so'zlovchi odamlarni ishga olishgan", - deydi professor.

Rossiya homiyligidagi ommaviy axborot vositalari kabelli va sun'iy yo'ldosh televideniyesi, internet hamda ijtimoiy tarmoqlarda faol. "RT" kanali 100 dan ortiq davlatda millionlab xonadonlarga kirib boradi. Ingliz tilidan tashqari, arab va ispan tillarida ham uzatiladi. "Sputnik" va "RT" jurnalistik etika qoidalarini buzishda ayblangan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron fikricha, ular Fransiya prezidentlik saylovlarida Marin le Penga yordam bergan.

"Kampaniya davrida "Russia Today" va "Sputnik" ta'sir o'tkazishga urindi. Men va kampaniyam haqida tinimsiz haqiqatning ziddini tarqatishdi", - dedi Makron.

Ammo "Sputnik" xodimlari ularning maqsadi an'anaviy matbuotda yoritilmaydigan ma'lumotlarni berish ekanini aytadi.

"Ommaviy matbuotda kattalar nima desa, shunga ergashadigan odamlarni ko'rasiz. Oldindan ma'qullangan qarash nima bo'lsa, ular shuni yoqlaydi", - deydi "Sputnik" boshlovchisi Garland Nikson.

"RT" Suriya Prezidenti Bashar Assad va britaniyalik Nayjel Faraj kabi Yevropa Ittifoqini tanqid qiluvchi siyosatchilar bilan suhbat qilgan. "WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj ham shoulardan birida boshlovchilik qilgan. Uning ko'rsatuvida ilk mehmon Eron himoyasidagi "Hizbulloh" jangari guruhi rahbari Hasan Nasrulloh bo'lgan.

Bahsli shaxslar va dasturlarning efirga uzatilishi auditoriyani kengaytirishga qo'l kelmoqda. Yeltsovning aytishicha, tomoshabinlarning aksariyati hukumatdan va an'anaviy matbuotdan bezor bo'lgan odamlar. Farqli qarashlarni eshitishning zarari yo'q, ammo bu dasturlarni kim va nima uchun moliyalayotganini esdan chiqarmaslik kerak, deydi tadqiqotchi.