Prezident Putin Rossiya armiyasi sonini oshirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus armiyasi hajmini 180 ming askarga oshirishga qaror qildi. Davlat rahbarining bunga doir farmoni to’liq ijro etilsa, Rossiya qurolli kuchlari 2 million 380 ming odamga yetadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2024-yil - Prezident Putin Rossiya armiyasi sonini oshirmoqchi

Ayrim tahlilchilar buni Ukrainada 2,5 yildan beri davom etayotgan urush talafotlari bilan izohlamoqda. Kreml Putinning bu qarorini NATOdan kelayotgan tahdidlar bilan ham tushuntirmoqda.

Rossiyada ikki yil oldin e’lon qilingan qisman harbiy safarbarlik natijasida armiya 300 ming kishiga ko’paydi.

Britan tahlil markazi xodimi Natiya Seskuriya Rossiya rahbariyati bu gal boshqa yo’ldan borishga qaror qilganini aytadi.

“Prezident Putin e’lon qilgan safarbarlik mamlakat ichida iliq qarshilanmadi. Rossiya Hindiston, Nepal, Indoneziya kabi mamlakatlardan askar yollab kelyapti. Ochiq manbalardan ma’lum bo’lishicha, bunday odamlar odatda ishsiz bo’lib, ularga taklif etilayotgan moliyaviy imtiyozlarni jon-jon deb qabul qilmoqda”, - deydi Seskuriya.

“The Moscow Times” va “The Kyiv Independent” kabi mustaqil nashrlar o’tkazgan surishtiruvlardan Shri-Lanka, Indoneziya, Hindiston va Nepal fuqarolariga nisbatan yuqori maoshlar taklif etilayotgani aniqlandi, biroq Kreml buni na tan oldi, na inkor etmoqda.

Ushbu xabarlarda aytilishicha, xorijda yollanganlar “Vagner” kabi yollanma guruhlarga emas, balki Rossiyaning muntazam armiyasiga tayinlanadi.

“Ular urushda g’alaba qozonib, harbiy maqsadlariga erishishni istaydi. Bunga yetishning eng yaxshi yo’li global janubdan arzon pulga jang qilishga va ruslar bilan birga o’lishga tayyor odam yollashdir”, - deydi Global masalalar institutidan Mark Xanna.

Urushning keti ko’rinmas ekan, talafotlar oshib bormoqda. “The Wall Street Journal” gazetasining xabar berishicha, Rossiya va Ukrainadan bu urushda o’lganlar va yaralanganlar soni bir millionga yaqinlashdi. Shulardan 600 ming nafari, G’arb razvedkasiga ko’ra ruslar.

Bu o’rtada Yevropa parlamenti rezolyutsiya qabul qilib, Yevropa Ittifoqini Ukrainaga uzoq masofali qurollar bilan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat berishga hamda Yevropa aholisidan Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun mablag’ to’plashga chaqirdi.

Rossiya Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin Yevroparlament qarorini qoralab, Rossiya qattiqroq qurollari bilan keskin javob berishini aytdi, Rossiyaning “Sarmat” raketasi Yevropa qonunchilari o’tirgan Strasburg shahrigacha salkam 3 yarim daqiqada yetib borishi haqida ogohlantirdi.

Ukrainaga uzoq masofali raketalar bergan Fransiya, Britaniya va AQSh Kiyevga ularni Rossiya hududlarida qo’llashga ruxsat bergani yo’q hozircha. Ayrim xabarlarga ko’ra, kelasi hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mazkur masalani AQSh rahbari Jo Bayden va Yevropa liderlari bilan muloqoti chog’ida ko’tarishi kutilmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat majlisida armiya ehtiyojlari uchun harbiy dron ishlab chiqarish 10 baravar oshirilib, salkam bir yarim million donaga yetkazilishi haqida so’zladi.

“Pilotsiz tizimlar, ekipajsiz katerlar, ko’p maqsadda ishlatiluvchi robotlashgan platformalarni ishlab chiqarish kengaymoqda”, - dedi Putin.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen Rossiyaning G’arbda muzlatilgan mulkidan olingan foiz miqdori, ya’ni 179 million dollar Ukrainaning qishda gumanitar ehtiyojlari uchun ajratilishini bildirdi. Rasmiy juma kuni Kiyevga bordi.

Germaniya Ukrainaga harbiy yordam sifatida 450 million dollar ajratishi kutilmoqda. Bu 2024-yilda Ukraina uchun byudjetga kiritilgan taxminan 9 milliard dollarga qo’shimcha bo’ladi.

“Yevropa Ittifoqi mustaqilligidan ayrildi, aqldan ozdi, irodasi falaj bo’ldi. To’qnashuv yo’lidan borish tashkilot uchun o’z joniga suiqasd qilish, Rossiya bilan ziddiyatlarni kuchaytirish demakdir. Tashkilot boshi berk ko’chaga kirib qoldi. O’g’rilikka qo’l uryapti – ko’char va ko’chmas mulkni, suveren aktivlarni o’g’irlashyapti. Ko’zimiz oldida noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritilgan mulkni Ukraina uchun qurol xarid qilish orqali yuvishyapti”, - deydi

Rasmiy NATOni Belarus chegarasida provokatsiyalarda ayblab, bu Ukraina va G’arb mamlakatlari uchun fojiali tugashi haqida ogohlantirdi.