Ekspertlar: Ukraina sharqida rus zobitlari borligi shubhasiz

  • Amerika Ovozi
Ukraina chegarasida taxminan 40 ming rus askari joylashgan. Muxbirimiz Andre de Neshneraning hikoya qilishicha, ayrim zobitlar allaqachon chegarani kesib o’tgani haqida ma’lumotlar bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Ekspertlar: Ukraina sharqida rus zobitlari borligi shubhasiz/Shohruh Hamro


G’arb ekspertlari nazarida, chegaradagi qo’shin Ukrainani bosib olish uchun prezident Vladimir Putinning buyrug’ini kutayapti.

Razvedka masalalari bo’yicha mutaxassis, harbiy oliygoh professori Jon Shindler esa parda ortida o’zgacha kurash ketayotganini aytadi. Unga “maxsus urush” deya nom berilgan.

“Bunda maxfiy ravishda kuch ishlatish nazarda tutiladi. Masalan, josuslik, qo’poruvchilik va hatto terrorizm. Rossiya Ukraina sharqida aynan shunday usullarni qo’llayapti. Qrimda ham yashirin operatsiya o’tkazildi. 2008-yilda Gruziyaga bostirib kirishdan oldin ham shu strategiya ishga solingan edi”, - deya sharhlaydi Shindler.

O’tgan oy Qrim yarimorolida Rossiyaga xayrixoh qurollangan guruhlar hukumat binolarini bosib oldi va yordam so’rab Rossiyaga murojaat qildi. Yuzi niqoblangan bu odamlarga aloqamiz yo’q, degan o’shanda Kreml mutasaddilari.

Rossiyaning harbiy sanoatini kuzatuvchi tadqiqot markazi rahbari Keir Gaylsning ta’kidlashicha, rus zobitlari Qrimda bo’lganiga hech qanday shubha yo’q.

“Kiyimlaridan ism-sharifi, qaysi harbiy bo’limdan ekanini ko’rsatuvchi belgilar olib tashlangan bo’lsa-da, zobitlarning hammasi ham buyruqni to’la bajarmagan. Ayrimlarining zirxli formasida ismi va bo’lim raqami bosilganini ko’rsa bo’lardi. Bu ma’lumotni tekshirib ko’rsangiz, rus zobitlari fevral oxirida Qrimga safarbar etilganini bilasiz”.
GRU, ya’ni Rossiya harbiy razvedkasi, maxsus agentlari Ukraina sharqi va janubida bir necha haftadan beri ish olib boradi.


Qrim Rossiyaga qo’shib olinganiga dunyo ahli ko’nikdi hisob. Hozir asosiy e’tibor Ukraina sharqidagi g’alayonlarda. Moskva u yerda rus zobitlari yo’qligini yana ta’kidlamoqda. Keir Gayls bunga ishonmaydi.

“Qrim bilan solishtirganda, Ukraina sharqida Rossiya kuchlari ancha ehtiyotkor. Zobitlar o’zlarini tartibsiz, malakasiz to’da sifatida tutishga harakat qilayapti, mahalliy harbiylar bilan yaqinroq ish olib borishyapti”, - deydi u.

Shindlerga ko’ra, Rossiya kuchlari Ukrainada ko’pdan beri bor.

“GRU, ya’ni Rossiya harbiy razvedkasi, maxsus agentlari Ukraina sharqi va janubida bir necha haftadan beri ish olib boradi. Ayrimlari Odessa mintaqasida ushlangan. 10, 20, 30 kishidan iborat kichik guruhlar tarafdor to’plab, qurol va pul tarqatib yurishibdi. GRUning ishi shu va bu ishni ular qoyilmaqom qilib bajarishadi”, - deydi Shindler.

Rossiyaning Qrimga yuborilgan maxsus kuchlari hozir Ukraina sharqiga ko’chirilgani haqida dalillar bor.

Suhbatdoshga ko’ra, Vladimir Putinning prezidentligi davrida Rossiya maxfiy amaliyotlarni kengaytirdi.

“Putinning o’zi shu sohadan chiqqani sabab Rossiyada razvedka xizmatlarining nufuzi baland. Hukumat qarorlari ular ishtirokisiz qabul qilinmaydi”, - deydi professor.