Rossiya Adliya vazirligi "Ozodlik" radiosini yangi cheklovlar qo'yilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Chunki AQSh Rossiyaning RT telekanaliga "xorijiy agent" deya tamg'a qo'yishi mumkin.
"Ozodlik" va "Amerika Ovozi" - bir agentlikka tegishli axborot vositalari - hamkorlikda havola etadigan teledasturlarning efirga chiqishi Rossiyada azaldan cheklangan, lekin endi yangi to'siqlar ham qo'yilishi mumkin. Ko'rsatuvlar asosan internetda.
"Tashkilotingiz faoliyati Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko'ra, muayyan cheklovlar bilan yuzlanishi mumkin", - deyiladi "Ozodlik" radiosi olgan xatda.
"Ozodlik"ning Rus va Tatar-boshqird xizmatlari ham ogohlantirilgan.
Radio Rossiyani yoritishda davom etishga bel bog'lagan.
AQShda esa Rossiya hukumati xakerlik hujumlari va boshqa yashirin faoliyatda tergov ostida ekan, uning RT telekanali va "Sputnik" onlayn xizmati tekshirilmoqda. RT Amerika demokratiyasiga qarshi ishlarda gumon qilinadi.
Sovet davrida SSSRning "Pravda" gazetasi va TASS axborot agentligi xorijiy agent deb hisoblangan. Endi RT va "Sputnik"ka ham shunday maqom berilishi mumkin.
RT rahbari Margarita Simonyanning aytishicha, tashkilotga AQShda "xorijiy agent" sifatida ro'yxatdan o'tish buyurilgan, biroq Adliya vazirligi buni tasdiqlamagan.
Jon Lansing, Amerika Xalqaro Teleradio Kengashi (Broadcasting Board of Governors, BBG) rahbari, ta'kidlashicha, "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" erkin va mustaqil axborot vositalaridir va hukumat ularni nazorat qilmaydi. Tashkilotlar Kongress ajratgan mablag' asosida ishlaydi. Pul - soliq to'lovchilardan, deya qayd etiladi byudjetda.