Rossiya Jahon savdo tashkilotiga kirishni istaydi, lekin oldinda qator to'siqlar bor

  • Amerika Ovozi

Rossiya Jahon savdo tashkilotiga qo’shilish uchun 1993-yildan beri harakat qilib keladi. Jenevada joylashgan bu uyushmaga 153 mamlakat a’zo. Ular orasida tariflarni pasaytirish, savdo to’siqlarini olib tashlash, barchaga teng iqtisodiy imkoniyatlar yaratish tizimi mavjud.

Rossiya uchun a’zolik yo’lida qator to’siqlar turibdi. Yaqinda Belarus va Qozog’iston bilan tuzilgan yangi boj ittifoqi shulardan biri, deydi tahlilchilar. Gruziya bilan kelishmovchiliklar ham asosiy muammolardan.

Rossiya, Belarus va Qozog’iston o’rtasida boj ittifoqi to’g’risidagi kelishuv 1-iyuldan boshlab kuchga kirdi. Uchala davlat bank-moliya tizimlarini uyg’unlashtirib, hamkorlikda Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilishni rejalagan.

Bu qay tarzda kechishi hozircha noma’lum. Nomzodlar odatda a’zolik uchun yakka tartibda ariza topshiradi.

Rossiya, Belarus va Qozog’iston yagona boj zonasiga aylanishi – 170 millionga yaqin aholi yashovchi ulkan, umumiy bozor degani.

Iqtisodchi Anders Aslundning aytishicha, uch mamlakat aslida nimaga kelishib olgani noaniq. Bunday integratsion harakatlar avval ham ko’plab marta bo’lganini yodga olish o’rinli.

“1994-yili Rossiya va Belarus erkin savdo hududi yaratishga kelishib olgan, – deydi iqtisodchi. – 1995-yilda esa Qozog’iston va Rossiya boj ittifoqi tuzib, unga keyinchalik Belarus, Qirg’iziston va Tojikiston kirgan. 2000-yilga kelib, bu tuzilmaga Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati deb nom berilgan. Lekin hozirgacha uning doirasida biror arzigulik loyiha amalga oshgani yo’q”.

2003-yilda yana bir uyushma – Rossiya, Qozog’iston, Belarus va Ukraina savdo bloki tuzish uchun hujjat imzolagan edi. Ammo reja Ukrainadagi rangli inqilob ketidan ro’yobga chiqmadi.

“Xullas, o’tgan yillar ichida imzolangan yuzlab shartnoma va kelishuvlar faqatgina byurokratiyani, qog’ozbozlikni ko’paytirdi xolos, – deydi Aslund. – Iqtisodiy zonada tovar va xizmatlar hamda fuqarolarning erkin harakat qilishiga bog’langan umidlar hayotda o’z aksini topmadi”.

Siyosatshunos Robert Legvold ham shu fikrda. Uning aytishicha, Rossiya, Qozog’iston va Belarus orasidagi yangi ittifoqdan ko’p narsa kutmaslik kerak, hech kim uning yaqin orada amaliy samara berishiga ishonmaydi.

“Kreml Belarus bilan tortishgani tortishgan. Munosabatlarda xayrixohlik yetishmaydi. O’rtada fundamental muammolar bor”, – deydi olim.

Tahlilchilar nazarida Rossiyaning boj ittifoqida ishtiroki uning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini qiyinlashtirishi mumkin. Nomzodlarning uyushmaga bunday tartibda kirishi belgilanmagan.

Ammo asosiy to’siq bu ham emas. Jahon savdo tashkiloti murosa-konsensus asosida ishlaydi. Muzokara har bir davlat bilan alohida kechadi. A’zo davlatlar, xususan, Gruziya, nomzodga veto qo’yish huquqiga ega.

Huquqshunos olim Deyvid Kristining aytishicha, Rossiya Gruziya roziligini olish uchun 2008-yilgi urushga yakun yasagan sulh shartlarini to’la bajarishi kerak. Sulh shartlaridan biri shu ediki, Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiya, Gruziyaning ikki bo’lginchi mintaqasidan harbiylarini olib chiqishi lozim.

Rossiya Jahon savdo tashkilotiga kirmoqchi bo’lsa, Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi kerak bo’ladi. Bu rasmiy Tbilisi qo’yayotgan bosh talab.

Dunyoning 20 yirik davlati orasida yolg’iz Rossiya Jahon savdo tashkilotidan chetda qolmoqda. Yaqinda Vashingtonga safar qilgan prezident Medvedev “Gruziyada yangi rahbarlar kelgan zahoti aloqani tiklaymiz”, deb ta’kidlagan.

Ayni paytda Jahon savdo tashkilotiga kirish bo’yicha AQSh bilan muzokaralar yakuniy pallada. Prezident Obama Rossiya nomzodini quvvatlashini aytmoqda. Tahlilchilar nazarida Rossiya Tbilisini ko’ndirishda ham AQSh yordamidan umidvor.