100 yil oldin ham Markaziy Osiyo Rossiyadan siyosiy mustaqillik istagan edi

1916-yilda Turkiston ahlining chorak milliondan oshig’i, jumladan o’zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qirg’izlar va qozoqlar rus armiyasi tomonidan shafqatsizlarcha o’ldirilgan

Yaqinda AQShning Jons Hopkins universitetida ingliz tilida nashrdan chiqqan kitob “Rossiya hukmronligidagi Markaziy Osiyoda 1916-yilgi qo’zg’olon” (The Revolt of 1916 in Russian Central Asia) deb nomlanadi. Muallif ikki yil oldin olamdan o’tgan tarixchi Edvard Dennis Sokol.

Asarga kirish so’zini yozgan professor Fred Starr, Markaziy Osiyoning qadim va yaqin o’tmishi haqida ilmiy asarlari bilan tanilgan amerikalik ekspert, nazarida bugun bu mavzuni chuqur o’rganish, 20-asr boshidagi qonli jarayonlar va ulardan keyingi davrni qayta tahlil qilish nihoyatda muhim.

Chunki, deya eslatadi akademik, 1916-yilda Turkiston ahlining chorak milliondan oshig’i, jumladan o’zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qirg’izlar va qozoqlar rus armiyasi tomonidan shafqatsizlarcha o’ldirilgan. O'sha paytda mintaqa aholisi qariyb olti millionni tashkil etar edi.

Ular Birinchi jahon urushida qatnashib, rus podshosi sharafini himoya qilishdan bosh tortgan insonlar edi, shuningdek, o’z yurti qadri va mustaqilligi uchun kurashgan, ortiq mustamlaka bo’lmaymiz deya bosh ko’targan odamlar edi, deya yozadi Sokol o’z kitobida.

Qo’zg’olon qonli bostirilgan, hozirgi O’zbekistonning ayrim hududlari, xususan Jizzaxda minglab odamlarning qoni daryodek oqqan, deb tasvirlanadi ushbu asarda. Zulmdan qochishga uringanlar Xitoy tomon intilar ekan, xotin-qizlar, bolalar va keksalar katta sonlarda qirilib ketgan. Qirg’izlarning 40 foizi yo’q qilingan, deya xulosa qiladi ayrim tarixchilar.

Vashingtondagi Jons Hopkins Universitetida forum, 8-iyun, 2016

Sovet davrida 1916-yilgi qo’zg’olon va undan keying xunrezliklar haqida gapirish man etilgan. Bu mavzuni o’rganish jinoyat bilan barobar edi. Sokolning bu kitobi ilk bor 1954-yilda G’arbda chop etilgan.

Jons Hopkins universiteti uni bu yil qayta nashrdan chiqarishga jazm etdi. Sabab oddiy, deydi Fred Starr. Bu asar shu paytgacha tarixning bu pallasi haqida yozilgan yagona ilmiy material. Boshqa tillarda ham bunchalik mukammal biror ish qilinmagan, deydi akademik.

Kitob 19-asrning oxirgi yillari, 20-asrning boshidagi vaziyatni ko’rib chiqadi. Manbalar - o’sha paytdagi matbuot va ziyolilardan qolgan qo’lyozmalar. Turkiston aholisining sabr kosasini to’ldirgan omil faqatgina urushda qatnashish majburiyati bo’lmagan, deya hikoya qiladi Sokol.

Rus podshosi olib borgan adolatsiz siyosat, adolatsiz iqtisod, yo’qsillik, din va elatlarga qarshi zulm. Yangi asr bo’sag’asida mintaqa ahli orasida yangilikka talab kuchli edi. Mustamlakachilarga nisbatan nafrat oshib, yangicha qarashlar va harakatlar vujudga kelayotgan bir davr edi. Shu bilan birga mahalliy aholi tarqoq edi, turli qatlamlar orasidagi tafovut kuchli edi. Qo’zg'olon, podshoning ag’darilishi, bolsheviklar inqilobi - bir-biriga turtki bergan jarayonlar, deya yozadi Sokol.

Vashingtondagi Jons Hopkins Universitetida forum, 8-iyun, 2016

Rus monarxiyasiga qarshi bosh ko’targanlar siyosiy mustaqillikni asosiy talablardan biri deb ko’rsatgan. Bugungi vaziyatga qarang, deydi Fred Starr, Rossiyaning amaldagi siyosatiga ishora qilib. Rossiya hamon Markaziy Osiyo davlatlarini o’ziga bo’ysundirishga urinadi, ularni o’z nazorati ostida saqlashga harakat qiladi, ularga har jihatdan bosim o’tkazish Kremlning azaliy siyosati, deya ta’kidlaydi Starr.

Vladimir Putin siyosatining mag'zini chaqish, Rossiya oldida bo’sh kelmaslik uchun bir asr oldingi voqealarni izchil o’rganishimiz, ulardan saboq olishimiz zarur, deydi Zamira Sidiqova, qirg’iz tadqiqotchi-jurnalist, shuningdek, sobiq diplomat, 2005-2009 yillarda AQShda elchilik qilgan arbob.

“1916-yilgi qo’zg’olon qirg’iz xalqining milliy erkinlik harakatini boshlab bergan”,- deydi Sidiqova. “Biroq bu voqea tubidagi masalalarni tushunish uchun uzoq vaqt ketdi.”

Jons Hopkins universitetida so’zlar ekan, Sidiqova ilm ahlini bu davrni chuqur o’rganib, oddiy aholi tushunadigan shaklda materiallar tayyorlash va mavzuga ko’proq diqqat qaratishga undaydi. Qayerda bo’lmasin, mavjud manbalar va arxivlarni ochish kerak, deydi u.

O’zbekistonlik tarixchi Mirzohid Rahimov, “Fulbright” olimlar almashinuvi dasturi orqali Amerikada malaka oshirayotgan tadqiqotchi, fikricha 1916-yilgi qo’zg’olonni o’rganish uchun imkoniyatlar astalik bilan kengayib bormoqda va bu yo’lda mintaqa mutaxassislari bir yoqadan bosh chiqarib, hamkorlikda ishlashi kerak.

“Umumiy tarixni birga yozishimiz va muhokama qilishimiz zarur”, - deydi u.

Edvard Sokolning “Rossiya hukmronligidagi Markaziy Osiyoda 1916-yilgi qo’zg’olon” nomli kitobi ilk bor 1954-yilda chop etilgan. Voqealarning 100 yilligi munosabati bilan qayta nashrda chiqdi.

Rahimov va u bilan bir davrada o’tirgan mutaxassislar qator savollarni o’rtaga tashlaydi:

Markaziy Osiyoda Rossiya bilan bog’liq tarixga qiziqish qanchalik va uni qanchalik o’rganayapmiz?

Haqiqat nima? Unga yetish uchun xolislik zarur. Mintaqa ziyolilari buni eplay oladimi?

Qatliomlar va qirg’inlar qayta ro’y bermasligi uchun nima choralar ko’rayapmiz?

Rossiyaga nisbatan bugungi yondashuv va munosabat ortida qanday omillar turibdi?

Markaziy Osiyoda yangi davlatlar qurishda, yangi jamiyatlar shakllantirishda Rossiya qanday rol o’ynaydi?

Bugungi avlod tarix u yoqda tursin, hozirgi ahvolni qanchalik tushunadi?

So’nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda 1916-yil voqealari xususida turli postlar ko’zga tashlanadi, o’ziga xos munozaraga guvohmiz. Turfa fikrlar, turfa talqin. Bunday muhokamalarning foydali jihatlari bor - yoshlarda qiziqish uyg’otadi, ularni izlanishga undaydi. Muddao bu yerda ruslardan alam olish yoki Rossiyadan nafratlanish bo’lmasligi kerak, deya qayd etadi ekspertlar, Markaziy Osiyodagi tarixiy jarayonlarni to’g’ri talqin qilaylik, toki kelajakda mintaqa unday kunlarni ko’rmasin.

Vashingtondagi Jons Hopkins Universitetidagi forumda o'zbekistonlik olim Mirzohid Rahimov, qirg'izistonlik jurnalist va sobiq diplomat Zamira Sidiqova hamda amerikalik akademik Fred Starr so'zladi, 8-iyun, 2016