Rossiyada Ukrainadagi urush va armiya haqida yolg’on ma’lumot tarqatayotgan fuqarolar mulkini musodara qilishga qaratilgan yangi qonun kuchga kirish arafasida. U asosan xorijga qochib, u yerdan Rossiyaning Ukrainadagi urushini tanqid qilayotgan vatandoshlarga qarshi qaratilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Qonun ablahlar va xoinlarni jazolashga qaratilgan. Askarlarimizga tupurgan, vataniga xiyonat qilgan, bizga urush qilayotgan mamlakatga pul yuborgan bu odamlar xorijga qochib, Rossiyadagi mulklarini ijaraga berib, foyda ko’rishyapti”, - deydi Rossiya Davlat Dumasining spikeri Vyacheslav Volodin.
Qonunda, shuningdek, harbiy buyruqga bo’ysunmaslik, harbiy xizmatdan qochish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga da’vat etish, noqonuniy tashkilot faoliyati bilan shug’ullanish uchun ham jazo choralari belgilangan.
“Qonun ko’p qirrali bo’lib, uni turlicha talqin qilish mumkin. U mulkni musodara qilishga qaratilgan har qanday qarorlarga imkon beradi. Bu odamlarni elchixonalar oldida to’planishga, namoyishga chiqishga, Putindan boshqasiga ovoz berishga yoki Putin boshqaruviga qarshi namoyish qilishga qo’rqituvchi qonun”, - deydi Rossiyadan qochgan muxolifatchi Dmitriy Gudkov.
Rossiyaning Ukrainaga qo’shin kiritganini tanqid qilgan Davlat Dumasining sobiq deputati hozir qidiruvda. Gudkov Rossiyada bor mulkini sotib ketganini aytadi. Biroq xorijga qochgan Kreml tanqidchilarining hammasi ham bunday qilishga ulgurmagan.
“Urush boshlanganida hukumat siyosatiga qo’shilmagan, urushni tanqid qilgan jurnalistlar, siyosiy faollar, jamoat arboblari, taniqli insonlar mamlakatni tark etdi. Va tabiiyki, ko’plari Rossiyadagi mulkini sotishga ulgurmadi. Yangi qonun shularga qarshi qaratilgan”, - deydi Gudkov.
Matbuot huquqlari bilan shug’ullanuvchi “OVD-Info” mustaqil tashkilotiga ko’ra,
urushga qarshi bo’lgani uchun Rossiyada 830 fuqaroga qarshi ish ochilgan. Shulardan uchdan biri armiya haqida yolg’on ma’lumot tarqatganlikda ayblanmoqda.
AQShning O’zbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbstning aytishicha, Rossiya bu bilan urush jinoyatlari haqidagi haqiqatni yashirmoqchi.
“Rossiya hukumati rus armiyasining Ukrainadagi harakatlari haqida afsona to’qimoqchi. Ular urush jinoyatlarini, muvaffaqiyatsizliklarini inkor etmoqchi. Bunday afsonaga qarshi chiqgan odamlar endi jazolanadi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazining eksperti.
Londonlik tahlilchi Endryu Vudga ko’ra, Rossiyada Putinga ommaviy xayrixohlik borligini ko’rsatish uchun xom xayol yaratilmoqda.
“Rossiyada xalq urushda erishilgan behuda yutuqlar va uni boshlash sabablari haqida tobora ko’p gapirmoqda, qarindoshlari yoki turmush o’rtog’ini frontga kuzatgan odamlarning shikoyatlari kuchaymoqda. Nazarimda, Putinning o’zi ham Rossiya aholisiga ta’siri avvalgidek katta emasligini yaxshi anglamoqda”, - deydi “Chatxem uyi” tahlil markazi eksperti.
Xerbst ham, Vud ham Rossiyada mulkni musodara qilish ommaviy tus olishiga ishonmaydi, biroq urushni tanqid qilganlar jazolanishini ham hisobdan chiqarmaydi.