Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 56-kun. Rossiya yangi raketani sinadi

  • Amerika Ovozi

"Azovstal" zavodiga bombalar yog'dirilmoqda

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Mariupolda vaziyat og’irligicha qolmoqda. Zelenskiy Moskvani odamlarni “Azovstal” po’lat zavodidan chiqarish uchun gumanitar koridor tashkil etish harakatlariga to’siq qo’yayotganlikda aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-aprel, 2022-yil

Rossiya Mudofaa vazirligi esa zavodda o’rnashib olgan ukrainalik askarlarga taslim bo’lishni bir necha bor taklif etganini, biroq hech biri bu taklifga ko’nmaganini bildirmoqda. Natijada zavodga hujumlar jonlangan.

Hujum ostida bo’lgan Ukraina qurolli kuchlarining 36-dengiz piyodalari brigadasi qo’mondoni mayor Sergey Volinaning zavoddan videoga tushirgan murojaatnomasida aytishicha, uning jangchilari son jihatdan ustun dushman kuchlari bilan olishmoqda va ular uchun xavfsiz koridor uyushtirilib, uchinchi mamlakatga olib chiqishda dunyo rahbarlari yordam bermasa, bir necha kun, balki bir necha soatda ular nobud bo’ladi.

Donbassda ham janglar shiddatli kechmoqda. Minglab rus qo’shinlari tanklar, raketa va artilleriya yordamida olg’a siljimoqda.

Rus matbuoti Ukraina sharqidagi bir necha joy Rossiya va bo’lginchi kuchlar qo’liga o’tgani, ukrainalik askarlar chekinayotgani haqida xabar qilmoqda.

Rossiya Ukrainaning qurol ishlab chiqaruvchi va ta’mirlovchi inshootlarini nishonga olarkan, Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi Ukrainaga bir necha harbiy samolyot va zarar ko’rgan harbiy texnikani ta’mirlash uchun qismlar uzatilganini ma’lum qildi.

Germaniya Kansleri Olaf Shols Ukrainaga yordam berishda davom etishini aytarkan, Germaniyada qurol omborlari bo’shab borayotganini ma’lum qildi. Shols boshqa mamlakatlarni qurol berishga undashini bildirdi.

Germaniyada Sholsning koalitsion hukumatdagi hamkorlari uni Ukrainani og’ir qurollar bilan ta’minlashda sustkashlik qilayotganlikda ayblamoqda.

Ukraina Berlindan “Leopard” rusumidagi tanklar so’ragan, biroq Germaniya bu tanklarni Sharqiy Yevropadagi ittifoqchi mamlakatlarga berib, ularga Ukrainaga zaxiralaridagi sovet qurollarini uzatishni taklif etmoqda.

Schols koalitsiyadagi “yashillar” va “erkin demokratlar”ning Ukrainaga harbiy yordamni oshirish bosimi va urushdan oldin Rossiya bilan yaqinlashishni targ’ib qilgan o’z Sotsial-demokratlar partiyasidagi ayrim arboblarning vazmin siyosat yuritish da’vatlarini muvozanatlashga majbur.

Germaniyada o’tkazilgan eng so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholining 52 foizi kansler ishidan qoniqmasligini bildirgan.

Bugun Rossiya yangi qit’alararo ballistik raketasini sinagan. Jarayonni kuzatgan Prezident Vladimir Putinning aytishicha, sinov muvaffaqiyatli o’tgan. Putin Rossiyaga tahdid solayotgan davlatlarga ushbu qurol salohiyatini hisobga olishni tavsiya qildi. “Sarmat” raketasining minglab kilometr masofaga uchish va har qanday havo mudofaasi tizimini yorib o’tishga qodir yagona qurol ekani aytilmoqda.

Bugun Zelenskiy poytaxt Kiyevda Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelni kutib oldi. Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaga navbatdagi sanksiyalarni qo’yishga hozirlanmoqda.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi tarqatgan ma’lumotga ko’ra, 24-fevraldan beri Ukrainadan 5 milliondan ko’p odam qochgan, millionlab ukrainalik mamlakat ichida sargardon. Aksariyat qochqinlarni Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlari o’z bag’riga olgan, bir necha ming odam Rossiyada.

Polshaga qochgan 2,8 milliondan ortiq ukrainalikka ishlash, tibbiy sug’urtadan foydalanish hamda bolalar uchun imtiyozlar olish huquqini beruvchi mahalliy ID kartalar berilgan.

Qochqinlar do’konlar va restoranlarda ishlamoqda, haydovchi bo’lib ishga kirmoqda, tibbiy va ta’lim muassasalariga yollanmoqda.

Ukraina g’arbida yashovchi vengerlar tarixiy vatanida boshpana topgan. Vengriya hukumati mamlakatda qolishga qaror qilgan qochqinlar bilan ishlayotgan insonparvarlik tashkilotlariga 8,7 million dollar ajratgan.

Qo’shni Ruminiya 750 mingdan ortiq qochqinni qabul qildi. Rossiyaning Donbassga hujumlari kuchayishi oqibatida qochqinlarning ko’payishi kutilmoqda.

Bu o’rtada Britaniya hukumati iyun oxirida o’tkaziladigan tennis bo’yicha nufuzli “Uimbldon” turniridan Rossiya va Belarus sportchilarini chetlatishi mumkin. Turnir tashkilotchilari bu masalada yakuniy qarorni may o’rtalarida e’lon qilishi mumkin.

Shunday bo’lgan taqdirda dunyoning ikkinchi raketkasi Daniil Medvedev va 7-raketkasi Andrey Rublev hamda tennischi ayollar o’rtasida 15-raketka Anastasiya Pavlyuchenkova musobaqada qatnashish huquqidan mahrum bo’ladi.