Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 58-kun. Zelenskiy xalqaro hamjamiyatdan moliyaviy yordam so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Mariupol shahri manzarasi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Rossiya pravoslav nasroniylarning hafta oxirida nishonlanuvchi Pasxa bayramiga taklif etilgan sulhni rad etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-aprel, 2022-yil

"Sulh taklifining rad etilishi shu mamlakat rahbarlarining quvnoq va muhim bayramlardan biriga, e’tiqodga munosabatini yaqqol aks ettirmoqda. Ammo tinchlikka umid qilishda davom etamiz”, - dedi u.

Rossiyalik kuzatuvchilarga ko’ra, Ukraina sulh bahonasida qo’shinlarini qayta guruhlamoqchi.

Zelenskiy Ukraina janubida yashovchi aholini Rossiya tashabbusi bilan o’tkaziladigan referendumda qatnashmaslikka chaqirdi. Ayrim xabarlarga ko’ra, bunday tadbir orqali Xersonni xalq respublikasiga aylantirib, Ukrainadan ajratib olish rejasi bor.

Zelenskiy payshanba kuni Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasining odatda bahorda o’tkaziladigan yillik qo’shma majlisiga virtual shaklda murojaat qildi. Unga ko’ra, urush natijasida ko’rilayotgan iqtisodiy zararni qoplash uchun uning mamlakatiga har oy 7 milliard dollar kerak.

Zelenskiy Rossiyani ushbu ikkita yirik moliyaviy tashkilotdan haydashga, Rossiyaning xorijda muzlatilgan pullari va mulklarini urushdan keyin Ukrainani qayta qurish uchun sarflashga chaqirdi.

Jahon banki prezidenti Deyvid Malpassning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi oqibatida imoratlar va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 60 milliard dollar atrofida baholanmoqda.

Anjumanda qatnashish uchun Vashingtonga tashrif buyurgan Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal hisob-kitobiga ko’ra, mojaro natijasida mamlakatining yalpi ichki mahsuloti 30-50 foiz atrofida qisqarishi, bevosita va bilvosita zarar 560 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordamdan tashqari 500 million dollarlik iqtisodiy ko’mak berilishi haqida ham ma’lum qildi.

"Prezident Bayden Kongressdan qo’shimcha pul so’rashini aytdi”, - deydi Vashingtonda Ukraina bosh vaziri bilan uchrashgan AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Shmigal Amerikadan Rossiyaga yangi sanksiya qo’yishni so’radi.

"Ikkilamchi sanksiyalarni, sanksiyalarning oltinchi paketini joriy etish, bu masalada yaqindan ishlash kerak. Ichki ko’chirilganlarga, dunyo bo’ylab tarqalib ketgan qochqinlar uchun moliyaviy yordam kerak”, - dedi u.

AQSh Prezidenti Jo Bayden ukrainalik qochqinlar hujjatlarining rasmiylashtirilishini tezlatishga qaratilgan yangi dastur e’lon qildi.

Bu o’rtada Mariupolni o’z nazoratiga olgan Rossiya armiyasi va Donetsk Xalq Respublikasi qurolli kuchlari vayron bo’lgan shaharni vayronalar va minalardan tozalashga kirishgan, jasadlar to’planmoqda.

Rossiya harbiylari Prezident Vladimir Putin buyrug’iga ko’ra “Azovstal” po’lat zavodini ishg’ol qilish rejasidan voz kechgan bo’lsa-da, unda jon saqlayotgan yuzlab ukrainalik askarlar havodan nishonga olinishda davom etmoqda. Ularga taslim bo’lishga imkon berish maqsadida bugun ham Rossiya tarafi vaqtincha gumanitar koridor ochilgani haqida ma’lum qildi.