Ukrainada urushning 12-kuni. Rossiya qurolli kuchlari bir necha yo’nalishda hujum qilmoqda. Shaharlardan chiqmoqchi bo’lgan aholiga evakuatsiyaga imkoniyat yaratish uchun Rossiya Mudofaa vazirligi bugun tinchlik kuni e’lon qilgan. Kreml Ukrainada millatchi batalyonlarni evakuatsiyaga g’ov bo’layotganlikda ayblamoqda, Kiyev nazarida esa Rossiya hujumlarni to’xtatgani yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shanba kuni AQSh Kongressining 300 nafar vakiliga “Zoom” orqali murojaat qilib, Ukraina havo sarhadlarini yopishda yordam so’ragan. Biroq qonunchilar orasida Rossiyaning eng ashaddiy tanqidchilari ham buning oqibati yaxshi bo’lmasligini tan olmoqda.
“Ukrainaga o’zini himoya qilishda ko’p tomondan yordam berishimiz mumkin. Ham havo hujumlaridan, ham raketa hujumlaridan himoya qilishda. Biroq odamlar havo sarhadlarini yopishning ma’nosini tushunishi kerak. Bu hamma rioya qiladigan qoida emas. Bu Rossiya Federatsiyasiga tegishli samolyotlarni urib tushirish degani. Bu esa o’z navbatida Uchinchi jahon urushining boshlanishidir”, - deydi respublikachi senator Marko Rubio.
G’arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishda davom etarkan, Prezident Vladimir Putin sanksiyalarni o’z mamlakatiga qarshi urush e’lon qilishga tenglashtirib, Rossiyaga do’stona bo’lmagan mamlakatlar ro’yxati e’lon qilindi. 50 mamlakat orasida AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Singapur, Tayvan ham bor.
“Prezident Putinga oson bo’lmaydi endi. Xavfsizlik Kengashida Rossiyaga qarshi 141 ovoz berildi. Ular yakkalangan. Xavfsizlik Kengashida yakkalangan, dunyoda yakkalangan”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani AQSh elchisi adashib aytganday BMT Xavfsizlik Kengashi emas, Bosh Assambleyasi qabul qilgan. Xavfsizlik Kengashida o’xshash rezolyutsiyaga Rossiya veto qo’ygan.
Rossiya Mudofaa vazirligi rus armiyasi Kiyev, Xarkov, Chernigov, Sumi, Mariupol, Nikolayev shaharlarini qurshab olishga harakat qilayotganini bildirdi. Kiyev meri, professional boks bo’yicha sobiq jahon chempioni Vitaliy Klichkoning aytishicha, ukrainaliklar mamlakati uchun jang qilishda davom etadi.
“SSSRga qaytishni istamaymiz. Demokratik, zamonaviy, Yevropa mamlakati bo’lishni istaymiz. Butun dunyodan yordam kutyapmiz. Chunki yolg’iz Ukraina uchun kurashayotganimiz yo’q. Qadriyatlar uchun, zamonaviy dunyo uchun kurashyapmiz. Putinni birgalikda to’xtatishimiz kerak”, - dedi hokim.
Minglab odam poytaxtni tark etishga shoshilmoqda.
Ukraina armiyasi G’arbdan yordam kutarkan, Zelenskiy AQSh va ittifoqchilaridan jangovar samolyotlar ham so’ragan. Biroq Polsha hozircha bunday harakatdan bosh tortmoqda,
Ukraina harbiy samolyotlariga o’z aerodromlarida qo’nishga ruxsat bermoqchi ham emas.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina harbiy-havo kuchlari deyarli yakson bo’lganini bildirmoqda. Vazirlik so’zlovchisi Igor Konashenkovning aytishicha, Ruminiya va Ukrainaga chegaradosh ba’zi mamlakatlar o’z aerodromlarida Ukraina jangovar samolyotlarini qabul qilmoqda.
“Biz ularni ogohlantirdik, bunday samolyotlarni mojaro ishtirokchilari sifatida ko’ramiz”, - dedi general.
Rossiya Mudofaa vazirligining da’vo qilishicha, Ukraina xavfsizlik xizmati hamda “Azov” batalyonida xizmat qiluvchi millatchilar Xarkov fizika-texnika institutida joylashgan eksperimental reaktorni portlatib, bu ishda Rossiyani ayblamoqchi va voqeani yoritish uchun Xarkovda xorijiy jurnalistlar tayyor turibdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining evakuatsiya xaritasidan ma’lum bo’lishicha, tinch aholi uchun tashkil etilayotgan insonparvarlik korridori orqali Kiyev aholisi qo’shni Belarusga, Xarkov aholisi Rossiyaga, Mariupol va Sumi aholisi Ukrainaning boshqa shaharlari va Rossiyaga chiqishi mumkin. Kiyev bu rejaga qarshi.
Shu kunga qadar Ukrainadan 1,5 million odam qochgan bo’lsa, aksariyati G’arb tomon harakatlanmoqda.
Yevropa Ittifoqi rasmiysi Jozep Borrel jami 5 milliongacha odam mamlakatni tark etishini taxmin qilmioqda.
"Bu odamlarni qabul qilayotgan mamlakatlarga yordam berish uchun barcha resurslarimizni ishga solishimiz kerak”, - dedi u.
Urush boshlanganidan beri Ukraina hukumati xorijliklarni uning tarafida jang qilishga da’vat etarkan, ularning mamlakatga kirishini osonlashtirish uchun viza cheklovlarini bekor qilgan. AQSh, Braziliya, Meksika, Angliya va boshqa mamlakatlardan ko’ngillilar Ukraina armiyasiga qo’shilmoqda. Kreml ularning millatchi guruhlar vakillari ekanini da’vo qilmoqda.
Zelenskiyning o’tgan hafta aytishicha, 16 ming xorijlik Ukrainaga yordam berishga qaror qilgan, ular uchun “xalqaro legion” tashkil etilgan.
AQSh rasmiylariga ko’ra esa, Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarga suriyaliklarni jalb qilmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Ukraina va Rossiya tashqi ishlar vazirlari 10-mart payshanba kuni Antalyada muzokara qilishini bildirdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bir necha bor tomonlarga vositachilik yordamini taklif etgan, biroq Kreml bosh tortib kelayotgan edi.
Bugun, shuningdek, Belarusning “Belovej Pushchasi” qo’riqxonasi hududida Rossiya va Ukraina muzokarachilari ishtirokida muloqotning uchinchi davrasi bo’lib o’tdi.
Bu o’rtada Ukraina delegatsiyasi tarkibida muzokaralarning Gomeldagi birinchi davrasida qatnashgan 45 yashar Denis Kireyev shanba kuni Kiyevda otib o’ldirilgan. Hukumat xavfsizlik xizmati xodimini “qahramon” deb atadi, biroq ukrainalik qonunchilarga ko’ra u xiyonatda ayblanib otilgan.
Britaniyalik harbiy tahlilchi Ed Arnoldning aytishicha, Rossiya armiyasi Ukrainada katta talafotlar ko’rmoqda va yana 3 haftadan so’ng hujumlarini davom ettirishga salohiyati bo’lmaydi.
“Ruslar orasidagi tasdiqlanmagan talafotlar hozirgi sur’atda davom etsa, amaliyotni taxminan 3 haftadan so’ng to’xtatsa bo’ladi. Shunda Rossiya shu paytgacha qo’lga kiritilgan yutuqlari asosida mojaroni muzlatish yo’llarini izlay boshlaydi va Rossiyada harbiy safarbarlik orqali qo’shimcha harbiy qismlar tuzishga harakat qiladi”, - deydi Qirollik birlashgan xizmatlari instituti eksperti.
Arnoldning taxmin qilishicha, Rossiya agressiyasi Moldova, Gruziya, Polsha, Ruminiyaga ham tarqalishi mumkin.
Bu haqda Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ham so’zlagan. Bugun u Vilnyusda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgan.
Litva Ukrainaga harbiy yordam yuborgan, oz sonli ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan.
Blinkenning aytishicha, Rossiya Boltiq mamlakatlariga hujum qilgan taqdirda AQSh NATOning har bir qarich yerini himoya qiladi. Blinken bugun Latviya ham bo’ldi, ertaga esa Estoniyaga yo’l oladi.
Bu o’rtada Rossiyaning BMTdagi vakolatxonasidan AQSh haydagan 12 diplomati mamlakatiga qaytib ketdi. Vashington ularni josuslikda ayblagan. Moskva bu da’volarni inkor etarkan, AQShga nisbatan javob choralari ko’rilishini bildirdi.