Din

Saudiya Arabistoni bu yili ham chet ellik ziyoratchilar uchun yopiq

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni koronavirus pandemiyasi davom etayotgani sababli bu yilgi haj amali 60 ming kishi bilan cheklanishi, ziyorat faqatgina qirollik aholisi uchun tashkil etilishini ma’lum qildi.

Virus tarqalishining oldini olish uchun o’tgan yili ham chet ellik ziyoratchilar qabul qilinmagan edi.

Haj va umra vazirligiga ko’ra, bu yil haj ziyorati 17-22 iyul kunlari amalga oshiriladi. 18 yoshdan 65 yoshgacha bo’lgan, surunkali kasalliklarga chalinmagan va koronavirusga qarshi emlangan musulmonlar tashrif buyurishi mumkin.

“Har yili ziyoratchilarni qabul qilishni sharaf deb biluvchi Saudiya Arabistoni qirolligi ziyoratchilar salomatligi va xavfsizligi, shuningdek, ularning mamlakatlari xavfsizligi haqida qayg’urib, shunday qarorga kelganini tasdiqlaydi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

O’tgan yilgi haj amalida Saudiya Arabistoni fuqarolari va rezidentlaridan iborat taxminan 1000 kishi qatnashgan. Uchdan bir qismi Saudiyaning xavfsizlik va tibbiyot sohasi xodimlari edi.

Global pandemiya bois cheklovlar joriy etilishidan oldin Makka va Madina shaharlariga har yili 2,5 milliongacha musulmon tashrif buyurar edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, qirollik haj va umra ziyorati Saudiyaga yiliga taxminan 12 milliard dollar daromad keltiradi.

Kasallik tarqalishi bois haj to’xtatilgan davrlar avval ham bo’lgan. Milodiy 632-yilda bezgak, 1821-yilda vabo tarqalishi 20 ming kishining hayotiga zomin bo’lgan. 1865-yilgi vabo epidemiyasida 15 ming kishi o’lgan.

Yaqin o’tmishda Saudiya Arabistoni koronavirusning boshqa bir turi, MERS bilan ham yuzlashgan. 2012-2013 yillarda bemorlar va qariyalar ziyoratda qatnashmaslikka da’vat etilgan, Ebola virusi tarqalgan mamlakatlardan ziyoratchilar kelishi taqiqlangan edi.

Saudiya Arabistonida shu kungacha qariyb 465 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, o’lganlar soni 7500 dan ziyod. 34 millionlik aholining deyarli yarmi emlangan.