AQShda masjidlar namozxonlarni koronavirusga qarshi emlanishga undamoqda. Inson hayotini asrash - muqaddas vazifa, degan targ'ibot olib borilmoqda.
Minnesota shtatining Minneapolis shahridagi Dar al-Hijra islomiy markazida namozdan keyin shu kunlarda vaksina haqida ma'ruzalar o'qiladi. Maqsad - koronavirusga qarshi himoyalanish.
Masjid shifokorlar bilan hamkorlikda vaksina taklif qiladigan klinika ochgan.
"Iymonli bo'lish o'zingiz va atrofingizdagi insonlar salomatligi haqida qayg'urishdir", - deydi imom Sharif Muhammad. "Odamlar namozga kelishadi va vaqt ajratib, emlanishadi. Vaksinaga ishonish kerak".
Nafaqat bu shtatda, balki Amerika bo'ylab ulamolar masjidlarda, nasroniy va boshqa e'tiqod yetakchilari o'z ibodatxonalarida vaksinani targ'ib qilmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi bu dargohlardan minnatdor. Yirik cherkovlarda deyarli har kuni tadbirlar, asosan virtual, ammo yig'inlar ham o'tib turibdi.
"Afsuski, shuncha taklif va chaqiriqlarga qaramay keksa yoshdagilar orasida emlanishdan qochayotganlar bor. Shu bois ibodatxonalar bu borada faol ekani muhim rol o'ynaydi", - deydi Fransis Kollins, vazirlik rasmiysi.
Musulmonlar orasida, xususan, vaksina haqida konspiratsion nazariyalar tarqatishib, emlanish dinga qarshi ish, deya ishontirishga urinayotganlar uchrab turadi. Vaksina odamni tuzalmaydigan kasalliklarga yetaklaydi, degan qarashlar ham keng.
Diniy yetakchilar bunday mish-mishlar jiddiy muammo ekanini e'tirof etadi.
Sidov Abdi Sharif Muhammad masjidda emlandi.
"Bu nihoyatda xavfli virus ekan, musulmonlar ham albatta olishi kerak. Har birimiz emlanishimiz zarur. Men har xil to'qimalarga ishonmayman. Islom tibbiyotga qarshi emas".
Immigrantlar orasida ham vaksina targ'ibotini kuchaytirish kerak, deydi faollar.
“Muhojir oilalar odatda katta va bir necha avlodli, ya'ni keksalar bor, yosh bolalar bor. Ular bir-birini qanday himoya qiladi? Albatta vaksina bunda qo'l keladi", - deydi aktivist Paua Yang Hoffman.
Koronavirus AQShda hayotdan olib ketgan yarim milliondan ortiq odamlarning deyarli yarmi ozchilikni tashkil etuvchi guruhlardan, jumladan musulmonlar, qora tanlilar, qolaversa muhojirlar va ularning yaqinlari.
Facebook Forum