Eron: Saudiya Arabistoni bilan muloqotga ochiqmiz

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni va Eron hukumatlari rad etsa-da, parda ortida ikki tomonlama ziddiyatlarni yumshatish tomon kichik qadamlar tashlanmoqda, deydi kuzatuvchilar. O'tgan hafta Londonda so'zlagan Saudiya tashqi ishlar vaziri aloqalar birmuncha iliqlashgani haqidagi gaplarni "kulgili" deya inkor etdi. Buning uchun Eron siyosatini tubdan o'zgartirishi kerak, deydi u.

So'nggi paytlarda Riyod Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga qarshi ham, Erondagi tuzumga qarshi ham avvalgidek keskin bayonotlar qilmayotgani seziladi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif uning davlati Saudiya Arabistoni bilan muloqotga, qolaversa, Yaqin Sharqda ustunlik uchun azaliy kurashni tugatishga tayyorligini aytmoqda.

"Islom dunyosi uchun muhim bo'lgan barcha masalalar yuzasidan musulmon davlatlar bilan hamkorlikka yo'q demaymiz. Agar Saudiya rahbariyati aloqalarda yangi sahifa ochishga tayyor bo'lsa, biz ham tayyormiz", - dedi Zarif mahalliy telekanalga bergan intervyusida.

Bir qarashda, raqiblar o'rtasidagi nafrat va xusumatning poyoni yo'q ko'rinadi. Suriya, Iroq va Yamanda qarama-qarshi tomonlarni quvvatlayotgan Tehron va Riyod bir-birini regional xavfsizlikni izdan chiqarayotganlik va mazhabchilikda ayblaydi.

Biroq o'tgan oylar mobaynida vaziyat biroz o'zgargandek. Tehron o'tgan yili joriy etgan taqiqni bekor qilgach, bu yili taxminan 90 ming shia eronlik haj ziyoratiga borib keldi. Makkada ularni ochiq chehra bilan kutib olishgani aytiladi. Eron ham bu yilgi haj a'lo darajada tashkil etilganini e'tirof etdi.

Prezident Hasan Ruhoniyga ko'ra, bu boshqa sohalarda ham til topishish uchun imkoniyatdir. "Saudiya Arabistoni xalqaro qonun-qoidalarga amal qilsa, boshqa masalalarni ham yechish osonlashadi", - degan edi Ruhoniy.

Ammo ikki davlatni bir-biriga yaqinlashtirish oson emas.

Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayrning ta'kidlashicha, Eron avvalo qaysi yo'ldan borishini aniqlab olishi darkor.

"Minglab yil avvalgi Fors imperiyasini tiklashga urinayotgan kuchlar bor. O'z xalqi uchun porloq kelajak qurishga intilayotgan tomonlar ham bor. Yana bir guruh terrorizmni quvvatlaydi, boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashadi", - deydi Jubayr.

Uning aytishicha, Eron qo'shni o'lkalarga qurol olib kirishni, qo'poruvchilik harakatlarini to'xtatishi, xalqaro normalarga bo'ysunishi lozim. "Biz, o'z navbatida, mintaqaviy masalalarga pragmatik, nomafkuraviy nuqtai nazardan yondashamiz", - deydi vazir.

Tahlilchilar fikricha, Yaqin Sharqda muntazam o'zgaruvchan vaziyat hamkorlikni taqozo etadi. "Urush maydonlarida bir-biriga qarshi harakat qilib kelgan davlatlar endi birga ishlashiga to'g'ri keladi", - deydi Baraa Sabri.

Avgust oyida Islomiy hamkorlik tashkilotining Anqarada o'tgan yig'inida Saudiya Arabistoni va Eron tashqi ishlar vazirlari qo'l berib ko'rishdi. Tashkilotga har ikki mamlakat a'zo. Majlisda Eron vaziri Javod Zarif qirollik bilan diplomatik aloqalarni tiklash istagini bildirdi.

Ammo mazhablararo tafovutni bartaraf etish uchun buning o'zi yetmaydi. Tahlilchi Bryus Raydel fikricha, Riyod va Tehron aloqalari yumshayotgani safsata. Saudiya Arabistonining hozirgi qirolichalik Eronga dushmanona munosabatda bo'lgan rahbarni ko'rmaganmiz, deydi u.