Bugun Qohirada majlis qilgan Arab Ligasi Eronni arab mamlakatlari ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi.
Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zayid al-Nahyonning favqulodda majlisda aytishicha, Eron Saudiya Arabistoniga qarashli diplomatik vakolatxonalarni ataylab himoya qilmagan.
"Eron Islomiy Respublikasi arab mamlakatlarida yashovchi xalqlar o'rtasida mazhabiy nizolarni solishni bas qilishi, provokatsion harakatlardan o'zini tiyishi, terror va zo'ravonliklarni qo'llab-quvvatlashdan voz kechishi, Bahrayn, Suriya, Iroq, Livan va Yaman ichki ishlariga aralashishni to'xtatishi zarur", - dedi vazir Zayid.
Qirollik iltimosiga ko'ra o'tgan yig'inda uning Tehrondagi elchixonasi va Mashhaddagi konsullik xizmatiga qilingan hujumlar haqida gap ketgan.
Shia imomi shayx Nimr al-Nimrning Saudiya Arabistonida qatl etilganidan g'azablangan eronliklar bu ikki shaharda saudiya vakolatxonalariga hujum qilgan.
Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy majlisda qatnashgan tashqi ishlar vazirlaridan Erondan arab mamlakatlari ishlariga aralashishni to'xtatishni keskin talab qiluvchi bayonot qabul qilishni so'ragan.
Yakshanba kuni Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi ham to'planib, bu tashkilotga kiruvchi arab mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari Saudiya Arabistonining Eron bilan nizosida qirollikning yonini oldi.
Kengash bayonotida aytilishicha, vazirlar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi hamda Mashhaddagi konsullik xizmatiga hujumlarni muhokama qilgan.
Riyod ushbu voqealardan so'ng Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Yana bir necha arab mamlakati uning ketidan Eron bilan munosabatlarni butunlay to'xtatishga yoki cheklashga qaror qildi.
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayrning aytishicha, vaziyatni kengash yoki qirollik emas, Eron keskinlashtirmoqda.
"Mintaqadagi barcha salbiy harakatlar Erondan chiqyapti. Biz Tehronning bu harakatlariga baho berib, tegishli choralar ko'ryapmiz. Vaziyat yaqin kelajakda oydinlashadi", - deydi Jubayr.
Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Ummon, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklari kiradi.