Saudiya Arabistoni qiroli Turkiyada

  • Amerika Ovozi

Qirol Salmon va Prezident Rajab Toyib Erdog'an Anqarada uchrashmoqda, 11-aprel, 2016-yil

Suriyadagi fuqarolar urushi va Eronning ta'siri yuzasidan Turkiya va Saudiya Arabistonining xavotirlari va maqsadlari mushtarak. Ikkisi yaqin harbiy hamkorlar. "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashuvchi koalitsiya tarkibida Riyod Turkiyadagi harbiy bazaga jangovar samolyotlarini yuborgan. Aloqalar mustahkam ekan, Anqarada qirol dabdaba bilan kutib olindi, Turkiyaning oliy nishoni bilan taqdirlandi.

Qirol Salmonning delegatsiyasi tarkibida yuzlab odamlar bor. Bu 2015-yilning yanvarida hokimiyatga kelgan rahbarning Turkiyaga birinchi tashirifi.

Ikki davlat aloqalari oxirgi yillarda sezilarli darajada iliqlashgani aytiladi.

Karnegi Institutidan olim Sinan Ulgenning aytishicha, ikki mamlakat Suriya muxolifatini qo'llab-quvvatlaydi. Bu urushda Anqara va Riyodning maqsadlari bir ekan, aloqalar qalinlashuvida ham buning o'rni salmoqli, deydi ekspert.

"Qirollik Suriyada hukumat o'zgarishini yoqlab keladi. Turkiya mintaqada Suriya yuzasidan ittifoqchi topishda qiynalayotgan bir paytda Riyod bilan rishtalar har qachongidan kuchaygan", - deydi u.

Har ikki yurt Suriya oppozitsiyasining ashaddiy tarafdorlari hisoblanadi. Qirol Salmon va Prezident Rajab Toyib Erdog'an muzokaralarida aynan shu mavzu asosiy o'ringa chiqishi kutilmoqda.

Eslatish joiz, Turkiya va Saudiya fevral oyida qo'shma harbiy mashqlar o'tkazgan edi.

Muloqot paytida aloqalarni yanada kuchaytirish yo'lida oliy darajadagi strategik kengash tuzilishi ham kutilmoqda.

Qirol Salmon o'zi bilan savdo bo'yicha vakillarni ham olib kelgan, shunday ekan, iqtisodiy hamkorlik bitimlari imzolanishi rejada. O'tgan yili Riyod-Anqara savdo aylanmasi 6 milliard dollarga chiqqan edi.

Yaqingacha Erdog'an regionda "Musulmon birodarlar" guruhini yaqindan qo'llab kelayotgani Riyod bilan oraga sovuqlik olib kirgan edi.

Biroq xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis, Istanbuldagi Qodis Xos universitetidan Soli Ozel deydiki, Saudiya qiroli Abdulla o'tgan yili vafot etishi ortidan munosabatlar iliqlashgan.

"Salmon nazarida Birodarlar Abdulla o'ylaganidek yirik dushman emas. Shu bois Anqara va Riyod bu mavzuga ortiqcha to'xtalib o'tirmayapti. Turkiya Saudiyani o'ziga og'dira oldi. Bundan tashqari, Eron bilan bog'liq xavotirlar ham ikkisini yaqinlashtirmoqda", - deydi Ozel.

Tehronga qo'yilgan xalqaro sanksiyalar bekor qilinar ekan, Eronning regiondagi ta'siri yanada oshishi taxmin qilinadi.

Tehron Suriyaning amaldagi hukumatini qo'llab-quvvatlashi ham oradagi ziddiyatni kuchaytirmoqda.