Saudiya Arabistonida sunniy-shia ziddiyati kuchayishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonidagi shialar masjidida yuz bergan portlash, 29-may, 2015-yil.

Demokratiya shabadasini olib kelgan arab bahori ko'plab mamlakatlarda urush va boshboshdoqlikka sabab bo'ldi. Barqaror Saudiya Arabistonida ham ozchilik shialar orasida norozilik hissi kuchaymoqda. Yaqinda yuz bergan hujum va qotilliklar mazhablararo ziddiyatni yanada alanga oldirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Saudiya Arabistonida sunniy-shia ziddiyati, Behzod Muhammadiy

Tahlilchilar fikricha, mazhablararo ziddiyat sifatida taqdim etilayotgan nizolar asosida, aslida, diniy yoki g'oyaviy tafovut emas, balki hokimiyat uchun kurash yotibdi.

Saudiya Arabistonining "Okaz" kundalik gazetasi muharriri Muhammad al-Falning aytishicha, mazhabparastlik bilan, asosan, har ikki tomondagi ekstremistlar shug'ullanmoqda va oddiy aholining bunga aloqasi yo'q.

Ammo muammo davlat xavfsizligiga ta'sir qilishi mumkin, deydi Quvaytdagi Fors ko'rfazi tinchlik va xavfsizlk forumi rahbari Fahid al-Shelaymiy.

"Muammodan ko'z yummasdan, uni tan olishimiz kerak. Tan olish u haqda fikr yuritish, demakdir. Bu mazhablar muammosi emas, balki siyosiy ziddiyat. Ular davlatlarni beqarorlashtirish uchun mazhabdan foydalanmoqda" - deydi u.

Saudiya Arabistoni aholisining 15 foizi shia. Ular va aksariyat sunniy musulmonlar o'rtasida ziddiyat kuchayib borayotgani aytiladi. So'nggi yillarda, asosan, shialar yashovchi sharqiy viloyatda yuz bergan to'qnashuvlarda 27 kishi o'lgan va 200 dan ortiq odam yaralangan, deydi tahlilchi Giorgio Kafiero.

"Ularni muhim mansablarga yaqinlashtirishmaydi. Ish topishda, davlat va xususiy sektorda ayirmachilikka duchor bo'ladi. Sharqiy viloyatda hukumat tomonidan inson huquqlarining keskin poymol qilinishi hollari yuz bergan. Tinch yo'l bilan siyosiy noroziligini izhor qilgan ko'plab shia faollari hibsga olingan", - deydi u.

Tahlilchiga ko'ra, mintaqada kuchayib borayotgan mojarolar muammo ko'lamini yanada oshirmoqda. Masalan, Saudiya hukumatining Yamandagi hutiylarga qarshi olib borayotgan kurashi o'z uyida diniy ixtiloflarni yuzaga chiqarmoqda, deydi Dubayda ishlovchi tahlilchi Teodor Karasik.

Saudiya Arabistoni Eronning hutiylarni qo'llab-quvvatlayotganidan xavotirda. Riyod Eron ta'siri ostida saudiya shialarining ham faollashishidan qo'rqadi.

"Saudiyaliklar shialar davlati o'rnatilishini xohlamaydi. Ayniqsa, janubiy chegarada. Bu sharqiy viloyatni beqarorlashtirishi mumkinligidan qo'rqishadi", - deydi Karasik.

Kafieroga ko'ra, sharqiy viloyatda tinchlikni saqlash saudiya hukumati uchun asosiy masala. Chunki mamlakatning barcha neft konlari, dunyo qora oltin ta'minotining beshdan bir qismi shu yerda joylashgan.

"Saudiya Arabistoni iqtisodiyoti neft eksportiga bog'liq. Qirollik uchun mazhablararo ziddiyat davomiy barqarorlikni ta'minlashda muhim. Bunday ixtiloflarning kuchayishi barqarorlkka xavf soladi", - deydi tahlilchi.

Ixtiloflarning odini olish uchun norozi shialarni tinchlantirishning o'zi kifoya emas. Hukumat radikal sunniylarni ham rozi qilishi kerak.

O'tgan hafta shia masjidiga uyushtirilgan hujumda 21 odam halok bo'lgach, hukumatning ishi yanada qiyinlashdi.

Quvaytlik tarixchi va siyosatshunos Haydar G'adanfarining aytishicha, hodisa ko'plab sunniy va shialarni "Islomiy davlat"ga qarshi birlashtirdi.

Ayni paytda ayrim radikal sunniylar hukumatni shialarga nisbatan bo'sh siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda. Ularning ayrimlari, hatto, shialar mamlakatdan butunlay badarg'a qilinishi kerak, degan fikrda.

Bunday qarash esa saudiya hukumati va shialarni yakson qilishga bel bog'lagan "Islomiy davlat" guruhi uchun ayni muddao, deydi tahlilchi.

G'adanfarining aytishicha, hukumat hujum qurboni bo'lgan shialarni qo'llab-quvvatlamaydi, chunki bu hukumatga qarshi shia kuchlarini kuchaytirishi mumkin. Ayni paytda, deydi u, agar shialarni himoya qilsa, Riyod sunniylar noroziligiga ham duchor bo'ladi.