Saudiya Arabistonida to'qqiz amerikalik hibsga olingan

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni o'tgan hafta 9 nafar Amerika fuqarosi va yana 24 kishini terrorchilik harakatiga aloqadorlikda gumon qilib hibsga olgan.

Qo'lga olinganlar orasida 14 saudiyalik, uch yamanlik, ikki suriyalik hamda Filippin, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog'iston va Falastin fuqarolari bor, deya xabar beradi mamlakat markaziy nashrlaridan biri.

Reyters xabariga ko'ra, AQSh rasmiylari hibs etilganlar ichida amerikaliklar borligini hali aniqlay olmagan.

Bu shaxslar "Islomiy davlat" terrorchi guruhiga aloqador yoki yo'qligi haqida biror ma'lumot berilgani yo'q. Saudiya hukumati so'nggi paytlarda mamlakat ichida turli terror xurujlarini amalga oshirayotgan guruhga qarshi kurashni kuchaytirgan.

O'tgan hafta shanba kuni mamlakat shimolidagi shialar masjidida yuz bergan xudkushlik hujumida to'rt kishi halok bo'lgan edi. Hujum qilganlarning ikkinchisi odamlar tomonidan to'xtatib qolingan.

Ayni paytda Saudiya Arabistonida "Islomiy davlat"ga aloqadorlik aybi bilan hibsga olingan 532 kishi so'roq qilinayotgani aytiladi. Ular ustidan sud jarayoni Riyodda bo'lib o'tadi.