Saudiya Arabistonida ayollar ahvoli yaxshilanmoqda

  • Amerika Ovozi

2015-yilda saudiyalik ayollar saylovda ilk bor ovoz berdi. Riyod, 12-dekabr 2015-yil

Saudiyalik ayollarni ezilgan deyish noto’g’ri. Saudiya Arabistonidagi xotin-qizlarga oid vaziyatni bir damda o’zgartirish mumkin, deyish ham xato, deydi “Jeddah United Sports” kompaniyasi rahbari Lina Almaina. U shu kunlarda Vashingtonga tashrif buyurgan delegatsiya a’zosi.

“Ayollar butun dunyoda, shu jumladan AQShda ulkan o’zgarishlarni boshdan kechirdi”, - deydi Lina Almaina.

“Amerikada ular saylovda ovoz berish yoki Boston marafonida qatnashish huquqiga ega bo’lmagan davrni eslang. Saudiya jamiyatida ayollar shuraga, ya’ni parlamentga saylana boshladi. Yaqin-yaqingacha bu misli ko’rilmagan o’zgarish hisoblanardi. Saudiyada o’zgarishlar doim yuz beradi”, - deydi u.

Biroq bu mamlakat ayollari qator cheklovlar bilan yashashga majbur, masalan mashina haydashi, erkak qarindoshisiz tashqariga chiqishi yoki safar qilishi mumkin emas.

O’zgarishlar bor, degan fikrga qo’shilar ekan, Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti olimi Allen Kisvetter ular juda sekin amalga oshirilmoqda, deydi.

“Ayollar jamiyat hayotida faolroq qatnashishi kerak. Uydan faqat erkak qarindosh bilan chiqish mumkin, qabilidagi qoidalar esa ularni cheklaydi”, - deydi olim.

U, shuningdek, qiz va o’g’il bolalar maktab va kollejlarda birga o’qishi kerak, degan fikrda. Bu ayollarning yaxshiroq ta’lim olishi va jamiyatda kattaroq rol o’ynashiga olib keladi.

Shu bilan birga, saudiyalik xotin-qizlar hukumatga maslahat beradi, deydi parlament deputati Surayya Allaried.

“Vazirga, so’ngra qirolga tasdiq uchun yuborilishidan oldin barcha qaror va buyruqlar bizga keladi. Biz bu hujjatlarni o’qib chiqamiz va fikrimizni bildiramiz. Qirol ham maslahatimizga quloq soladi”, - deydi u.

2013-yilda tarixda ilk bor ayollar Shura kengashiga saylandi. Surayya Allaried 150 deputatlik parlamentdagi 30 ayoldan biri.

Ayrim ekspertlar fikricha, Saudiya Arabistoni haqida gapirilganida ayollarga juda katta e’tibor beriladi, vaholanki, jamiyatda cheklovlarni, shu jumladan, erkaklarga qo’yiladiganlarini kamaytirish kerak.

“Ham ayol, ham erkaklar ijtimoiy chegaralar ko’p jamiyatda yashaydi. Saudiyalik ayollar mavjud odat-sharoitga qanday yondashib, hukumatga qanday ta’sir qilishni o’zlari hal qilishi lozim”, - deydi Saudiya Arabistonida 2009-2013-yillarda yashagan olima Jenet Breslin-Smit.

Hozirda u “Crosswings” konsalting firmasini boshqaradi.

Ta’limdagi islohotlar

Ta’lim jamiyatdagi qiyinchiliklarni hal etishda katta rol o’ynaydi. Breslin-Smit fikricha, rasmiylar islohotlarni to’g’ri amalga oshirmayapti.

“Yillar davomida hukumat va ta’lim vazirligi ta’lim tizimini o’rganish va jahon andozalariga moslashish borasida maslahat beradigan konsultantlarni yollab, ularga katta pul to’lagan. Bunday izlanishlar oqibatida tizim tahlil va tanqidiy fikrlashga muhtoj, degan xulosalar qilingan. Ammo bunday o’zgarish kiritish o’rniga davlat ilm-fan va texnologiyalarga e’tibor berishda davom etadi”, - deydi u.

Ochiq bahs qilish hamda erkin matbuot ham kerak, ammo Saudiya jamiyatida bular yo’q, deydi Breslin-Smit.

Din va madaniyat

Saudiya Arabistoni - dindorlar jamiyati, an’anaviy qarashlar, xususan, ayolning erkaklarga qaraganda pastroq o’rni haqidagi tasavvurlar kuchli. Ammo saudiyalik ayollar bunga o’rganib qolgan va qarshi chiqishga shoshilmaydi, deydi mamlakat ta’lim vazirligidan Gada Algunaim.

“Shu jamiyatdan bo’lganim sababli vaziyat sabablarini yaxshi tushunaman. O’zimni hech qachon kamsitilgan sezmayman, chunki har bir urf-odat ortida mantiq bor. Madaniyatimiz, an’analarimiz shu. Din emas. Boshqalar buni tushunsin deyman”, - deydi u.

Delegatsiyaning “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan a’zolari Saudiya Arabistonida ayollar huquqlari borasida o’zgarishlarga ehtiyoj borligida yakdil. Ammo ular saudiyalik ayollar kamsitiladi, degan fikr noto’g’ri, deydi. Shu bilan birga, qiz farzandlari va nevaralari haqida o’ylaganida ular ayollar ko’proq huquq va imkoniyatlarga erishishi kerak, deydi.