Sentabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarida parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Federal Milliy Kengashga 469 nomzoddan 85 nafari xotin-qizlardir. Bu mamlakat uchun misli ko’rilmagan o’zgarish.
Arab dunyosidagi inqiloblarni yaqindan kuzatib turgan Birlashgan Arab Amirliklari islohotlarni tezlashtirmoqda, shu jumladan fuqaro huquqlari himoyasini.
Ovoz berish huquqiga ega fuqarolar soni hozir 130 ming. 2006 yildagi saylovlarda bu son 70 ming deya ko’rsatilgan edi. Saylovchilarning 46 foizi – xotin-qizlar.
Tashqi ishlar vaziri Anvar Muhammad Gargash nomzodlar orasida ayollar borligidan nihoyatda mamnun.
“Bu yilgi saylovlar 2006 yilgi saylovlardan ham yaxshi o’tadi. Nazarimda jarayon bugun yanada oydinlashgan”,- deydi u.
Bu borada xulosa qilishga hali erta. Saylov kuni 24 sentabr.
Mamlakatning yetti amirligida saylovchilar parlament a’zolarining 20 nafari, ya’ni 50 foizini saylaydilar. Qolgan 20 nafarini esa rahbariyat tayinlaydi.
Parlament hisoblangani bilan Federal Milliy Kengash qonun chiqarish vakolatiga ega emas. Bu organ faqat maslahat beradi xolos. Hokimiyat butunlay prezident, Xalifa bin Zayd al-Nahyan qo’lida. Har bir amirlik o’ziga xos monarxiya.
Lekin Tashqi ishlar vaziri Gargash demokratiya haqida gapiradi.
“Nomzodlarning ko’pchiligi natija qanday bo’lishidan qat’iy nazar, ishtirok etishni xohlaydi. Saylov murakkab narsa, kuchli nomzodlar ko’p”.
Dubaydan Muhammad Bakriy mana shu nomzodlardan biri.
“Birlashgan Arab Amirliklari uchun bu yangi jarayon, shu bois uni qo’llab-quvvatlash kerak. Birinchi o’rinda – ishtirok, eng kuchlilar ga’laba qozonadi deb umid qilamiz”.
Fors Ko’rfazi davlatlari uchun ayollarning saylovoldi poygada ishtiroki - yangi amaliyot.
Bahrayn, Quvayt va Ummonda xotin-qizlar yaqindan beri saylanish huquqiga ega.
Saudiya Arabistonida markaziy saylov komissiyasi xotin-qizlarga saylanish va saylash huquqini bermaslikka qaror qilgan.
Birlashgan Arab Amirliklarida shu kungacha faqat bir ayol parlamentga saylangan, yana sakkiz nafari davlat rahbariyati tomonidan tayinlangan.