Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti qatnashchilarini qarshilamoqda

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining raisi sifatida Samarqand shahrida bu yilgi sammit ishtirokchilarini qarshilamoqda. Ko’hna shaharga birin-ketin tashkilotga a’zo va hamkor mamlakatlar rahbarlari yetib boryapti. Barchasini O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsan kutib olmoqda, ular bilan qisqa suhbat va muzokaralar o’tkazilyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-sentabr, 2022-yil

2001-yilda Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyoning to’rt mamlakati tomonidan asos solingan guruh 21 yilda kengayib, 2017-yilda ularga Pokiston va Hindiston qo’shildi, kelasi yili esa Eron ham to’laqonali a’zoga aylanishi kutilyapti.

Avvaliga terrorizm va separatizmga qarshi kurashishni asosiy maqsad qilgan xavfsizlik tashkiloti bugunga kelib iqtisodiy, siyosiy va boshqa turdagi hamkorlikni ham ko’zda tutadi.

O’zbekiston uchun yilning eng muhim siyosiy tadbiri ayrim rahbarlarga muloqot uchun qulay platforma hamdir. Xususan fevral boshidan beri uchrashmagan Xitoy va Rossiya rahbarlari uchun.

Si Zinpin va Vladimir Putin Ukrainada maxsus harbiy amaliyot boshlanganidan beri yuzma-yuz ko’rishmagan edi. Si keyingi yil sammiti mezboni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ham gaplashishi mumkin. So’nggi bor ular 2019-yilda BRIKSning Braziliyadagi anjumanida muloqot qilishgan.

Bugun Qozog’istonga tashrifidan so’ng Xitoy rahbari Samarqandga yo’l oldi. Koronavirusga qarshi qattiq choralar joriy etilgan Xitoyda o’z vatandoshlariga o’rnak bo’lish maqsadida Si Zinpin xorijda ham niqobini yechgani yo’q, xorijiy delegatsiyalar vakillari bilan qo’l berib ko’rishmayapti.

Eron rahbari O’zbekistonga 20 yil deganda endi keldi. Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiyning uchrashuvi ketidan qator muhim kelishuvlar imzolandi.

Samarqandda iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ham muhokama etiladi. Shanxay hamkorlik tashkilotining bu borada ilk bayonoti qabul qilinadi.

Mirziyoyev bugun BMT bosh kotibining o‘rinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashdi. Mintaqa xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik, BMT idoralari bilan hamkorlikni kuchaytirish haqida gap ketgan.

G’arb Xitoy, Rossiya va Eron a’zo bu tashkilotni BRIKS guruhi kabi o’ziga qarshi tuzilma deb biladi. Toshkentlik tahlilchi Baxtiyor Ergashevning mahalliy matbuotga aytishicha, Samarqand sammitida G’arbning global hukmronligiga qarshilik ko’rsatish siyosatiga asos solinadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab Moskvaga sanksiya qo’ygan birorta mamlakat a’zo emas. Xitoy va Hindiston kabi yirik mamlakatlar esa sanksiyalarga qaramasdan Rossiyadan katta miqdorda yoqilg’i xarid qilishda davom etmoqda.

Shu tobda Shanxay hamkorlik tashkilotiga yadro quroliga ega to’rt mamlakat a’zo. G’arbga xayrixoh NATOning yagona a’zosi Turkiya esa ham BRIKS, ham Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirishga intilmoqda.

Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Myanma ham ShHTga a’zolikka ko’z tikarkan, guruh
yaqin 5-10 yilda kengayib, yanada jiddiy tashkilotga aylanishi kutilyapti.

Armaniston rahbari Nikol Pashinyan Ozarbayjon bilan chegaradagi ziddiyatlar sabab Samarqandga bormasligi ma’lum bo’ldi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Tog’li Qorabog’da ham vaziyat taranglashmoqda, qurolli to’qnashuv natijasida har ikki tomondan o’nlab fuqaro va askar o’lgan.