Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida qatnashish uchun bugun Samarqandga yana bir necha arbob tashrif buyurgan. Turkiya, Belarus, Qozog’iston, Hindiston, Rossiya rahbarlarining oyog’i Samarqandga tegishi bilan diplomatik faoliyat jonlanib ketdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Oliy martabali har bir mehmonga e’tibor berayotgan O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xitoy Kommunistik partiyasining raisi Si Zinpin bilan ikki tomonlama hamkorlik haqida gaplashdi.
Sining aytishicha, Xitoy va O’zbekiston o’zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish bilan birga strategik ishonchni ham kuchaytirgan. U O’zbekistonni Xitoyga do’st, yaxshi hamkor va yaxshi birodar deb atadi, Mirziyoyevni Xitoyning ulkan bozori yaratayotgan taraqqiyot imkoniyatlaridan bahramand bo’lishga chaqirdi, trans-Yevrosiyo koridorini yaxshilashga tayyor ekanini aytdi.
Mirziyoyev mazkur sammit ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarning 30 yilligi, strategik sheriklikning 10 yilligiga to’g’ri kelganini aytib, Xitoyning O’zbekiston taraqqiyoti hamda COVIDga qarshi kurash bobidagi yordamini olqishladi.
Ikki rahbar barcha yo’nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qo’shma bayonot imzoladi, Mirziyoyev Xitoy rahbariga “Do’stlik” ordenini topshirdi.
Qozog’istonga qisqa tashrifidan so’ng Samarqandga borgan Xitoy prezidenti Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjon prezidentlari bilan ham alohida muloqot qildi.
Qirg’iziston rahbari Sadir Japarov so’nggi bor Si bilan fevral oyida Pekinga safari chog’ida ko’rishgan edi.
“Xitoy hamisha Qirg’izistonning do’sti va hamkori bo’ladi”, - dedi Xitoy prezidenti.
Ikki rahbar taraqqiyot, iqtisodiyot va savdo bobidagi hamkorlikni muhokama qildi, Si Xitoyni Qirg’iziston va O’zbekistonga ulovchi temir yo’l qurilishini erta boshlashga tayyor ekanini bildirdi.
Japarov Qirg’iziston yaxlit Xitoy siyosatiga sodiq ekanini ta’kidlab, Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanini, Xitoyning Tayvan, Shinjon va Gonkongga doir manfaatlari bo’yicha pozitsiyasini qo’llab-quvvatlashini aytdi.
Turkmanistonning yosh prezidenti Sardor Berdimuhammedov bilan uchrashuv chog’ida Si Zinpin bu mamlakat mustaqilligini hurmat qilishini, uning ichki ishlariga tashqi aralashuvga qarshi ekanini, tabiiy gaz bobidagi hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekanini aytdi, madaniy markazlar tashkil etishni, ikki mamlakat o’rtasida almashinuv dasturlarini olib borishni taklif qildi.
Berdimuhammedov ham yaxlit Xitoy siyosati tarafdori ekanini aytarkan, Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusi va Turkmanistonning Buyuk Ipak yo’lini jonlantirishga qaratilgan loyihasini bir-biriga bog’lash g’oyasini qo’llab-quvvatladi.
Markaziy Osiyoning Si Zinpin bilan ko’rishgan hech bir rahbari Shinjonda uyg’urlar taqdirini tilga olmadi. AQShda yashovchi ayrim uyg’urlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoyda koronavirusni jilovlashga qaratilgan lokdaun ayniqsa uyg’urlarga og’ir kelmoqda. Xabarlarga ko’ra, Xitoy mutasaddilari uyg’urlarni uylariga qamab, oziq-ovqat, dori-darmonsiz qoldirgan, odamlarga ugradan boshqa ovqat tarqatilmayapti, ochlikdan o’lganlar ham bor.
Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti davlat rahbarlarining yuzma-yuz muloqoti uchun muhim platformadir. Samarqanddagi markaziy uchrashuv sammit majlisidan tashqari Xitoy va Rossiya prezidentlarining muloqoti bo’ldi.
Fevral oyidan beri ko’rishmagan bu ikki arbob siyosiy va iqtisodiy hamkorlik xususida gaplashdi. Ukrainadagi urush va Rossiya qo’shinlarining so’nggi muvaffaqiyatsizliklari Xitoy bilan aloqalarga qanday ta’sir ko’rsatgani ma’lum emas.
Xitoy Rossiyaga bu urushda amaliy yordam bermayotgan bo’lsa-da, xalqaro maydonda Si Putinni qo’llab-quvvatlamoqda, maxsus harbiy amaliyotni tanqid qilgani yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilgani yo’q.
“Rossiya va Xitoyning muhim raqibi bitta – Amerika Qo’shma Shtatlari. Amerikaning Rossiya bilan aloqalari batamom yomonlashgan, Xitoy bilan esa muntazam ravishda yomonlashyapti. Bu esa Rossiya va Xitoyni bir-biriga yaqinlashtirmoqda”, - deydi Rossiyaning Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti direktori Kiril Babayev.
Samarqanddagi uchrashuvda Si Putinni “eski do’st” deb atadi, Putin esa unga muvozanatli pozitsiya uchun minnatdorchilik bildirdi.
Putin bugun O’zbekiston, Eron, Pokiston, Qirg’iziston, Turkmaniston rahbarlari bilan ham uchrashdi, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan muloqoti kutlmoqda.
Putinning Ibrohim Raisiyga aytishicha, Rossiyaning 80 ta kompaniyasi vakillari kelasi oy Eronga boradi. G’arb kuzatuvchilariga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyoti uchun Erondan yuzlab harbiy dronlar sotib olgan.
Bosh vazir Shahboz Sharif bilan uchrashuv chog’ida Putin Pokistonga tabiiy gaz uzatish xususida gaplashgan. Yevropa mamlakatlari Rossiyadan yoqilg’i olishni kamaytirishi va “Gazprom” Yevropaga tabiiy gaz eltuvchi “Shimoliy oqim-1” quvurini butunlay yopishi ketidan Rossiya yoqilg’i mahsulotlari uchun muqobil bozor izlayapti.
Rossiya va O’zbekiston rahbarlarining uchrashuvi paytida keng qamrovli strategik sheriklik to’g’risidagi bayonot imzolandi, Putin Mirziyoyevni Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirladi.
Putin, shuningdek, Xitoy va Mongoliya rahbarlari bilan uch tomonlama majlisda qatnashib, Rossiyadan Xitoy orqali Mongoliyagacha gaz va neft quvurlarini tushirish loyihasi xususida gapirdi.
“Gazprom” kompaniyasining “Sibir kuchi-2” quvuri 2030-yilgacha yiliga 50 milliard kubometr gaz o’tkazish salohiyatiga ega bo’ladi. Mongoliyaga yoki bu mamlakat orqali neft quvurini yotqizish rejasi haqida gap ketmadi.
Bugun Samarqandda ikki qardosh xalq rahbarlari ham ko’rishdi. Erdog’an va Ilhom Aliyev Ozarbayjon va Armaniston o’rtasidagi so’nggi to’qnashuvlar xususida gaplashgan.
Chorshanba kuni Erdog’an Armanistonning Ozarbayjonga muomalasini hazm qilmasligini, buning oqibatlari yaxshi bo’lmasligini aytdi. Erdog’an Yerevanni Tog’li Qorabog’ uchun 2020-yilgi urushdan keyin imzolangan sulh bitimiga amal qilmayotganlikda aybladi.
Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryanning aytishicha, Armaniston va Ozarbayjon otishmalarni to’xtatishga kelishib oldi. Bir necha kunlik to’qnashuv natijasida har ikki tarafdan 155 ga yaqin askar o’lgan. Shulardan 105 nafari arman, 49 tasining ozarbayjonlik ekani ma’lum bo’ldi.