23-24-may kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlarining majlisi o'tdi. Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo'shilishiga taraddud ko'rildi.
Tashkilot 23-24-iyun kunlari Toshkentda yi'giladi va yangi a'zolarni qabul qilishi kutilmoqda. Sammit guruhning 15 yilligi munosabati bilan tashkil qilinmoqda. Sharhlovchilar so'zlariga ko'ra, guruhda mintaqa davlatlarining o'rni tobora yo'qolayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida iyundagi sammit kun tartibi muvofiqlashtirilgan, bir necha hujjatlar imzolangan.
Bir paytlar Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Xitoy tashabbusida qurilgan tashkilot jug'rofiyasi ham, shunga muvofiq, maqsadlari ham ancha kengaya boshlagan.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg'onistondagi vaziyatga alohida to'xtalgan. Tashqi ishlar vaziri so'zlariga ko'ra, ShHT Afg'oniston muammosi tashqi bosimlarsiz, ichki siyosiy kuchlarning o'zaro kelishuvi orqali hal etilishi kerak degan fikrda.
Terrorizm, esktremizm va separatizmga qarshi kurashni asosiy shioriga aylantirgan tashkilot Toshkentdagi uchrashuvda ekstremizga qarshi kurash bo'yicha BMT miqyosida xalqaro konvensiya qabul qilishga ham chaqirdi.
Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazir deydiki, ShHTning mintaqaviy xavfsizlik, xususan, Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha real ko'magi shubhali.
"Xitoy terrorizmga qarshi kurash bo'yicha O'zbekistonga hech qanday yordam berolmaydi. Birinchidan, O'zbekiston o'z chegarasini qo'riqlash salohiyatiga ega, ikkinchidan, bu yerda Afg'oniston shimolidagi o'zbeklar, general Do'stum omili muhim bo'lib qolmoqda. Albatta, unga Turkiya va AQSh ko'mak berayapti. Bu yerda boshqa real yordam beradigan tomonlar yo'q", - deydi Anvar Nazir.
Shu bilan birga, Xitoy terrorizmga qarshi kurash doirasida uyg'urlarni siquvga olib keladi. Mintaqa davlatlari uyg'ur faollarini Xitoyga topshirmoqda. Markaziy Osiyoda yashayotgan minglab uyg'urlar, ular faoliyati ustidan ham nazorat kuchaytirilgan.
Anvar Nazir tahlilicha, ShHT qiyofasida Xitoyning Markaziy Osiyoga nisbatan uzoqni ko'zlagan strategiyasi mavjud. Bu strategiya mintaqa davlatlarini savdo va iqtisodiy jihatdan Xitoyga butunlay bog'lab qo'yish, mintaqa markazini boshqa hududga ko'chirishdan iborat.
"Xitoyning asosiy maqsadi uyg'urlarni siqib chiqarish, nazoratga olish. Ikkinchisi, Sharqiy Turkistonni Markaziy Osiyoning sanoat markazi, lokomotiviga aylantirish. Hozir O'zbekiston Xitoy gazini sotib, unga yordam berib, o'ziga kelajakdagi raqobatchi tayyorlamoqda, chunki O'zbekistonning o'zi shunday markazga aylanishi mumkin edi. Agar Shinjonda bu kabi markaz paydo bo'lsa, O'zbekiston uning soyasida qolib ketadi. Biz iloji boricha bunday loyihalarga qo'shilmasligimiz kerak edi. Uyg'urlar masalasi esa bu Xitoyning ichki siyosati mahsuli, uyg'urlardan O'zbekistonga biror tahdid bo'lishi mumkin emas", - deydi Anvar Nazir.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga Xitoy, Qozog'iston, Rossiya, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston a'zo. Afg'oniston, Eron, Mongoliya va Belarus kuzatuvchi mamlakatlardir.