O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etish uchun Qozog'istonga bordi. Ostona sammitining asosiy voqeasi Hindiston va Pokistonni tashkilotga qo'shib olishdan iborat. O'zbekiston sobiq prezident Islom Karimov davrida ShHT kengayishiga ancha ehtiyotkor munosabatda edi, yangi rahbar Mirziyoyev bu borada umidli ko'rinadi.
“Jahon” axborot agentligi ma'lumotlariga ko'ra, tashkilotning ikki yirik davlat hisobiga kengayishi uni yangi mazmun bilan boyitadi, terrorizmga qarshi kurashni faollashtiradi.
Ostonadagi uchrashuvlar Shavkat Mirziyoyevning ShHT sammitidagi ilk muzokarasi bo'ladi. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma'lumotga ko'ra, Mirziyoyev tashkilotga a'zo davlat rahbarlarining tor doiradagi, shuningdek, kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida qatnashadi. Ularda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan muhokama boradi.
Hindiston va Pokistonning ShHTga qo'shilish jarayoni yakunlanmoqda. Bu jarayon ShHTga O'zbekiston raisligi paytida boshlangan edi. O'sha paytda ShHT raisligini Rossiyadan qabul qilib olgan Islom Karimov tashkilotning Hindiston va Pokiston hisobiga kengayishini xavotirli qadam deb aytgan edi.
O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan rasmiy Toshkentning ShHT kengayishiga nisbatan pozitsiyasida qanday o'zgarishlar yuz begani aniq emas, ammo vazirlikka qarashli "Jahon" axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, ikki yirik davlat - Hindiston va Pokiston a'zoligi ShHTni yangi mazmun bilan boyitadi; xavfsizlik, transport kommunikatsiyasi sohasidagi hamkorlik faollashishiga xizmat qiladi.
Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, O'zbekistonning yangi rahbariyatida ham tashkilot kengayishiga nisbatan xavotirlar mavjudligini taxmin qilish mumkin, chunki ShHTga o'zaro kelisha olmaydigan ikki davlat qo'shilmoqda.
"ShHTga ikki yirik davlat Hindiston va Pokistonning qo'shilishidan xavotir O'zbekiston uchun haliyam dolzarb. Ularning a'zolikka qabul qilinishi juda uzoq cho'zildi, mana nihoyat yakunlanayapti. Bundan so'ng ShHT oldiga qo'ygan maqsadlarning to'liq amalga oshishi ancha qiyin kechishini taxmin qilish mumkin. Masalaning turli o'lchamlari bor. Hozirgacha tashkilot doirasida davlatlar o'rtasida o'zaro keskin nizoda bo'lgan davlatlar bo'lmagan, albatta ayrim muammolarni hisobga olmaganda. Pokiston va Hindoston o'rtasidagi antagonistik qarama-qarshilik esa tashkilot faoliyatini ancha murakkablashtiradi", - deydi tahlilchi.
Ostonadagi yig'inning asosiy qismi 9-iyun kuni o'tadi. Mirziyoyev bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazishni ham rejalashtirgan.
Tolipovga ko'ra, Mirziyoyevning ShHTga munosabati ijobiy, O'zbekiston Xitoyning Ipak yo'li tashabbusi Shanxay hamkorligi doirasida muhokama qilinishidan manfaatdor.
"Xitoy tomonidan ilgari surilgan "Bir makon - bir yo'l" tashabbusi bugun ShHT bilan birga ko'rilishi kerak. O'zbekiston bu tashabbusni qo'llab kelgan, buni Mirziyoyev Xitoydagi tashrifida ham ta'kidlab o'tdi. Bular O'zbekistonning ShHTga nisbatan pozitsiyasi o'zgarmay qolayotganidan darak beradi. Ammo masalaga ilmiy qarash boshqa. Biz Pokiston va Hindistonga nisbatan qanchalik do'stona qaramaylik, ularning tashkilotga qo'shilishi faoliyatni ancha murakkablashtiradi. Shu jumladan, "Bir makon - bir yo'l“ loyihasining amalga oshishi ham oson emas", - deydi Tolipov.
Sammit arafasida Ostonada Nursulton Nazarboyev va Xitoy rahbari o'rtasida muzokaralar o'tgan. Prezident Nazarboyevga ko'ra, ShHT dunyoning 40 foizga yaqin aholisini qamrab olayapti, jahonning asosiy iqtisodiga aylanmoqda, mamlakatlar o'rtasida biror ziddiyat yo'q va Xitoy Qozog'istonning asosiy iqtisodiy hamkori.
Qozog'iston matbuotidagi ayrim chiqishlar Xitoy bilan munosabatlardagi ziddiyatni chetlab o'tmagan, xususan, Qazaqtimes.kz nashri Shinjon-uyg'ur muxtoriyatidagi 2 millionga yaqin qozoqlar taqdiriga diqqat qaratadi.
Maqolaga ko'ra, so'nggi paytda ikki o'rtadagi iqtisodiy aloqalar, asosan, Xitoy ishtiroki hisobiga kengayib borayapti. Qozog'iston hukumati Xitoydagi musulmonlar, etnik qozoqlarga nisbatan kuchaygan tazyiqlar yuzasidan sukut saqlashda davom etmoqda.
Dastlab mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish niyatida tuzilgan ShHT keyinchalik xavfsizlik, radikalizm va separatizmga qarshi kurashni qamrab oldi.
Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida, asosan, musulmon aholi - uyg'urlar, qozoqlar, o'zbeklar yashaydi. So'nggi vaziyatga ko'ra, Xitoy musulmonlarga nisbatan bosimni yanada oshirgan.
Butunjahon uyg'urlar uyushmasi rahbari To'lqin Isaning aytishicha, ShHT ham, Xitoyning Ipak yo'lini tiklash tashabbusi ham uyg'urlarni butun mintaqa bo'ylab nazoratda ushlab turishni maqsad qiladi.
“Xiyoy yangi loyihasi orqali mintaqa davlatlarini ham bosimda va nazoratda ushlab turishni maqsad qilmoqda. Bu esa mintaqadagi uy'gurlarning faolligini ham yo'qqa chiqaradi, yaqin keljakda mintaqadagi uyg'urlarning biror faoliyatiga imkoniyat yaratilishi juda qiyin”, - deydi u.
ShHTga Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyoning Turkmanistondan tashqari barcha davlatlari kiradi.