Shotlandiya birinchi vazirasi Nikola Sterjen kelasi yil oktabrida Shotlandiyaning Buyuk Britaniyadan mustaqilligi uchun ikkinchi referendum o’tkazilishi haqida ma’lum qildi. Shotlandiya Milliy partiyasining raisasi bo’lgan rasmiy referendum 2023-yil 19-oktabrida bo’lib o’tishini bildirdi.
"Mustaqillik masalasiga to’siq qo’yishlariga yo’l qo’ymaymiz. Uni demokratik yo’l bilan hal qilish kerak”, - dedi Sterjen Shotlandiya qonunchilariga.
Mustaqillik bo’yicha ilk referendum 5,5 million aholiga ega mamlakatda 2014-yilda o’tkazilib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Biroq Britaniya aksariyat shotlandlar e’tiroziga qaramay Yevropa Ittifoqidan chiqqani uchun yana bir referendum o’tkazish taklif etilmoqda.
O’tgan yilgi mahalliy saylovlarda mustaqillik tarafdori bo’lgan partiyalar yirik g’alabaga erishib, referendum qayta o’tkazilishini talab qildi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va uning hukmron Konservatorlar partiyasi tashabbusga qarshi.
2014-yil referendumida saylovchilarning 55 foizi Britaniyadan ajralishga qarshi ovoz bergan.
Jonsonga ko’ra, mamlakat jiddiy iqtisodiy muammolarni boshdan kechirayotgan bir paytda hozir referendum mavzusini muhokama qilish mavridi emas.
Britaniya hukumati ruxsatisiz Shotlandiyada referendum o’tkazish noqonuniy bo’lishi mumkinligidan shubhalanayotgan Sterjen Oliy suddan masalaga oydinlik kiritishni so’radi.
96 yashar Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi bugun Shotlandiya rahbari bilan Bukingem saroyida ko’rishib, referendum xususida fikr almashgan.
9-asrdan 18-asr boshigacha mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritgan Shotlandiya 1707-yilda Angliya qirolligi bilan ittifoq tuzib, Buyuk Britaniya qirolligiga asos soladi.
Bugun Birlashgan Qirollik parlamentidagi deputatlarning 59 nafari Shotlandiya vakillari.