AQSh senatorlarining aksariyati nazarida Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Mayk Pompeo tashqi ishlar vaziri, ya'ni davlat kotibi bo'lishga layoqatli arbob. 100 senatordan 57 nafari unga ovoz bergan. 47 nafari esa qarshi, bir nafari ovoz bermagan.
“Pompeo davlat kotibi vazifasini eplay oladi", - deya ishonch bildirmoqda respublikachi senator Jon Kornin.
Pompeo Reks Tillersonning o'rniga kelmoqda. Ertaga Pompeo Bryusselda NATO anjumanida ishtirok etadi.
Unga qarshi ovoz berganlarning aksariyati demokratlar, ya'ni muxolifatchilar. Ular fikricha, Pompeo Prezident Donald Trampning tor dunyoqarashga asoslangan tashqi siyosatini amalga oshirish uchun tanlangan arbob. Pompeo, Tramp singari, xalqaro hamjamiyat bilan serqirra aloqa qilish emas, Amerikani izolyatsiyaga boshlovchi yo'nalishni yoqlaydigan siyosatchi, deydi norozi demokratlar.
Prezident Tramp:
"Mayk Pompeo ayni damda Amerikaga juda kerak odam. Davlat departamentini boshqarish uchun zarur bilim, tajriba va irodaga ega. Amerika manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yadi. Men unga ishonaman. Uni har tomonlama quvvatlayman".
Demokrat senator Bob Menendez deydiki, Prezident Tramp Amerika darvozalarini dunyo ahliga yopishga urinayotgan, ittifoqchilar bilan til topisha olmayotgan, xalqaro organlarga qarshi qadamlar tashlayotgan bir paytda davlat kotibi, bosh diplomat, lavozimiga Pompeodek Trampga yo'q deya olmaydigan, uni to'g'ri yo'lga boshlamaydigan odam kelmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Respublikachilar nigohida esa 54 yoshli Pompeo zamonning eng uddaburo siyosatdonlaridan biri. Boshqaruv, xalqaro masalalar, xavfsizlik va manfaatlar bobida uningdek o'tkir mutaxassis juda kam, deydi qonunchilar. Pompeo harbiy akademiyani bitirgan. Garvard universitetining huquqshunoslik fakulteti bitiruvchisi. Kanzas shtatidan Kongressga saylanib, bir necha yil qonunchilik qilgan. Italyan-amerikaliklar farzandi.
Tramp yaqinda Pompeoni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan gaplashishga yubordi. Tramp Kim bilan kelasi oy uchrashishi kutilmoqda.
Kongress a'zolarining umidi shuki, AQShning 70-davlat kotibi undan oldingi bosh diplomatlar singari bu davlat manfaatlarini himoya qiladi, Amerikani dunyo ahli bilan bog'lab, qay sohada bo'lmasin, davlatning tashqi maqsadlari yo'lida sidqidildan xizmat qiladi.