Breaking News

"Trampchi" arbob bosh diplomatlikka tanlandi


AQSh tashqi ishlar vaziri yangilanmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

O’tgan hafta Donald Tramp kutilmaganda Davlat kotibi Reks Tillersonni vazifasidan ozod etdi. Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Mayk Pompeo bu lavozimni egallashi kutilmoqda. Eron, Shimoliy Koreya yoki Rossiya masalasi bo’ladimi, kuzatuvchilarga ko’ra, Pompeoning qarashlari Trampniki bilan hamohang.

AQSh tashqi siyosati o’zgarishlar bo’sag’asida, ammo Shimoliy Koreya bilan muzokara hamon rejada. Ishdan olingan Reks Tillerson xayrlashuv nutqida shuni tilga oldi.

“Pxenyanga maksimal bosim o’tkazib, kutilganidan ham ziyoda natijaga erishdik”, - deydi tashqi ishlar vaziri.

Uning o’rniga kelayotgan Mayk Pompeo tashqi siyosatda kuch ishlatib bo’lsa ham maqsadga erishish g’oyasini olg’a suradiganlardan.

“Shimoliy Koreya shu yo’ldan ketaversa, bir kun kelib AQShga xavf soladi”, - deydi Pompeo.

Uning Shimoliy Koreya, Xitoy va Eron haqidagi avvalgi bayonotlariga qarab, tahlilchilar Mayk Pompeoni diplomatiyaga emas, balki ko’proq AQSh kuchiga tayanishni ma’qul ko’radigan siyosatchi deb biladi.

“Pompeo Trampga qarshi yurmaydi - trampchi. Amerikada boshlangan millatchilik to’lqini vakili. Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham millatchilik kuchayganini ko’ryapmiz”, - deydi tahlilchi Ariel Koen.

Senat uning nomzodini tasdiqlasa, Pompeo tez orada ikki sinov bilan yuzlashadi. Shimoliy Koreya va AQSh rahbarlari o’rtasida uchrashuv. Ikkinchisi esa Eronning yadro dasturiga doir kelishuv taqdiri.

Ayrim qonunchilar va iste’fodagi diplomatlar fikricha, Pompeoning bosh diplomatlikka tayinlanishi bir necha davlat imzolagan bu kelishuvdan Amerika chiqishini anglatadi.

“Samara berayotgan bitimni uloqtirgandan keyin AQSh Shimoliy Koreya bilan muzokarada ustun kelmoqchimi? Qani mantiq? Aksincha, Kim Chen Un so’zida turmaydigan rahbar bilan qanday qilib hujjat imzolayman, deb o’zidan so’rashi kerak”, - deydi sobiq diplomat Tomas Kantrimen.

Trampdan farqli o’laroq, Pompeo Rossiya 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga aralashgani haqida ochiq gapiradi.

“Rossiya bu qora ishlarni qilganiga, kiber hujumlar bilan AQSh demokratiyasiga ta’sir etishga harakat qilganiga shubha yo’q”, - deydi u.

Prezident Tramp Pompeoni yaqin maslahatchi, fikrdosh deb hurmat qiladi. Pompeo o’tgan bir yildan beri Markaziy Razvedka Agentligini boshqarib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG