Hindu xotin-qizlar - kontrabandachilar uchun eng qulay o'lja

  • Amerika Ovozi

Har yili kuz boshlanishi bilan Janubiy Dakota shtati o’rmonlariga butun dunyodan ovchilar yig’iladi. Bu yerdagi mehmonxonalar, restoran va do’konlar uchun bu yaxshi xabar, albatta. Axir mahalliy biznes daromad ko’radi.

Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor. Turli shaharlardan va hatto tub aholi yashaydigan rezervatsiyalardan bu yerga yosh qizlar olib kelinadi. Ular - jinsiy savdo qurbonlari.

“Odam savdosi bilan shug’ullanayotganlar uchun eng qulay o’lja – hindu ayollar”, - deydi Sara Dir, advokat, huquqshunos-professor va jinsiy tajovuz va zo’ravonlikka bag’ishlangan kitob muallifi.

“Ular qashshoqlikda yashaydi, ruhan qiynalgan xalq. Orasida spirtli ichimliklar yoki narkotiklarga ruju qo’yganlar kam emas. Boz ustiga, mavjud qonunlar ular huquqlarini yaxshi himoya qilmaydi”, - deydi u.

Federal qonunlarga ko’ra, jinsiy savdo deganda erkak, ayol yoki yosh bolani pul evaziga jinsiy aloqaga majburlash, buning uchun uni yolg’on bilan yoki kuch ishlatish va qo’rqitish orqali yollash, yashirish, bir joydan boshqa joyga yetkazish, sotish va sotib olish nazarda tutiladi.

Amerika tub aholisi yashaydigan rezervatsiyalarda politsiya zobitlari kam bo’lishi yoki bu yerdagi aholining qaysi qonunlarga bo’ysunishi noaniqligi oqibatida ayrim jinoyatchilar jazolanmay qoladi.

“Kontrabandachilar kimni o’lja sifatida tanlashni yaxshi biladi”, - deydi Liza Het, “Wiconi Wawokiya” (“Oilalarga yordam”) tashkiloti rahbari.

“O’z qadrini bimaydigan, ichki nizolarga to’la qizlarni tanlashadi. Balki qizning ota-onasi ichkilikka yoki narkotikka berilgandir, oilada urush va mushtlashish hollari ko’p uchrar”, - deydi Het.

Kontrabandachilar bunday qizni sovg’alar berib, yaxshi hayot va’da qilib, aldashi hech gap emas.

“Kontrabandachilar rezervatsiyaga kelib, narkotiklar sotishi hollari ham uchrayapti. Qizlarga narkotik sotib, pulini olmaydi, ularni qarzga botiradi. So’ngra pulini chiqarib olish uchun ularni mijozlar bilan jinsiy aloqaga majburlaydi. Qiz ko’nmasa, do’pposlanishi va hatto zo’rlanishi mumkin. Butun to’da bir qizni zo’rlagan hollari ham bo’lgan”, - deydi u.

Ov mavsumida qizlar kayf-safo qilayotgan ovchilar mehmonxonalariga yetkaziladi, striptiz klublarida ishlashga majbur qilinadi.

Bunday muammo nafaqat ovchilik rivojlangan hududlar, balki Shimoliy Dakota va Montanadagi neft konlariga yaqin joylarda ham chuqur ildiz otgan.

“Yosh hindu ayollarni narkotik va spirtli ichimliklar bilan aldash, so’ngra mashinaga solib, olib ketish hollari ko’p uchraydi. Yoshi 16 dan 21 gacha bo’lgan 11 qiz yaqinda zo’rlangani haqida shikoyat qilgan. Lekin ko’plar bunday hodisalarni politsiyaga aytishdan uyaladi”, - dedi Senatda chiqish qilgan Liza Branner. U yaqingacha hindu ayollar resurs markazini boshqargan.

O’tmishdan meros qolgan zo’ravonlik

Hindu ayollar taqdirini o’rganayotganda o’tmishga nazar tashlamay bo’lmaydi.

Hindu o'quvchilar uchun maktab. Pennsilvaniya, 1900-yil

1800-yillardan XX asrning boshigacha Amerikada tub aholini “zamonaviy” hayot tarziga o’rgatish siyosati olib borilgan. Ko’plab bolalar ota-onasidan ajratilib, internat maktablarga topshirilgan. Ona tilida so’zlashganlar yoki o’z din-e’tiqodi haqida gap ochganlar qattiq jazolangan.

1941-1967 yillarda hindu bolalarning uchdan bir qismi ota-onasidan tortib olinib, yetimxonalar va o’gay ota-onalarga topshirilgan. Ko’pginasi jismoniy, ruhiy va jinsiy ta’qiblarga uchragan.

Yoshi 50 dan oshgan Linn Igl Fezer Janubiy Dakotadagi Rozbad rezervatsiyasida tug’ilgan. Yoshi oltiga kirganida onasi uni va opa-singillarini tashlab ketgan. O’gay ota-ona topilgunicha qizlar xristian cherkov qoshidagi maktabda o’qigan.

“Birinchi marta meni o’sha maktabda urishgan. Nemis lahjasida gapiradigan keksa rohiba temir qaychini olib, boshimga bir tushirgan”, - deb eslaydi ismi “Burgut pati”ni anglatadigan hindu ayol.

"Keyin meni Nebraskadagi yetimxonaga yuborishdi. U yerda ham jismonan, ruhan ta’qib qilindim, zo’rlandim. Bir marta zinapoyadan itarib yuborishganida yomon yiqilganman”, - deya hikoya qiladi u.

Hindu o'quvchilar uchun maktab. 1864-1952 yillar

Lakota qabilasiga mansub Sanni Red Ber (“Qizil ayiq”) 28 yoshda. Tug’ilganidan ikki kun o’tib ota-onasidan tortib olingan va bir oilaga berilgan.

“O’gay otam meni birinchi bor zo’rlaganida yoshim to’rtda edi. Maktabni bitirishimgacha davom etgan. U nasroniy, juda e’tiqodli kishi edi. Hadeb menga Xudo haqida gapirardi”.

Yoshi 17 kirganda Red Ber azoblarga chidolmay uyidan qochib ketadi, yegulik yoki yotoq evaziga yigitlar bilan yuradi.

Bugun uning farzandlari bor, model sifatida muvaffaqiyatga erishdi. Hindu xotin-qizlar bilan tez-tez uchrashib turadi, odam kontrabandasi xavfi haqida gapiradi.

Xalos

Ta’qib qilingan va zo’rlanganlarga boshpana beradigan tashkilotlar kam emas. Ammo ularda ko’pi bilan 30 kun yashash mumkin.

“Bir oy ichida hayotdagi muammolarni hal qilib bo’ladimi? Buning imkoni yo’q”, - deydi Ber.

Hindular qo'g'irchoqlari

Yaqinda Het motel sotib oldi. Uni odam savdosi qurbonlari uchun Janubiy Dakotadagi birinchi boshpanaga aylantirmoqchi.

“Maqsadimiz – yangi hayot boshlashda yordamlashish. Ayollar o’z qobiliyatlarini rivojlantirsin, bolaligida orzu qilgan narsalariga erishsin”, - deydi u.

AQSh Adliya vazirligiga ko’ra, hindular orasida jinsiy zo’ravonlik hollari juda keng tarqalgan. Boshqa irqlar vakillariga qaraganda, tub aholi orasida zo’rlanish hollari 2,5 baravar ko’proq. Har uch ayoldan biri zo’rlanadi.

2014-yilda AQShda odam savdosiga qarshi besh yillik federal dastur qabul qilindi.

Joriy yilda AQSh Adliya vazirligining Jinoyatlar qurbonlari idorasi odam savdosiga qarshi kurash uchun 22,7 million dollar, qurbonlarga yordam berayotgan tashkilotlarga esa 8,1 million dollar ajratdi. “Wiconi Wawokiya” shunday tashkilotlardan biri.

Bu mablag’ evaziga Het o’z boshpanasini, rejalashtirilganidek, 2016-yil boshida ocha oladi.