AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Tomas Shennon Markaziy Osiyo davlatlari bo'ylab safarga chiqdi. U Qirg'iziston poytaxti Bishkekda mahalliy jurnalistlar bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekistonda prezidentlik saylovi osoyishta o‘tishiga umid bildirdi.
Unga ko‘ra, AQSh O‘zbekiston yangi hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyor.
“Biz O‘zbekistonda 4-dekabrda o‘tadigan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik jarayonini kuzatayapmiz va umid qilamizki, prezidentlik saylovi osoyishta o‘tadi. Biz O‘zbekiston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tashkilotlarni 4-dekabrda o‘tadigan prezidentlik saylovini kuzatish uchun taklif qilganini olqishlaymiz. Biz inklyuziv saylov jarayonini ko‘rishdan umidvormiz hamda yangi hukumat bilan hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lamiz”, - dedi Shennon.
AQSh rasmiysi Islom Karimov vafotidan so‘ng yuzaga kelgan o‘tish jarayonida Vashington O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shennon 26-27-oktabr kunlari Bishkekda bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shennonning Toshkentga safari 27-oktabr kuni boshlanishini bildirgan edi. Shennon Toshkentda mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilinishi va muzokaralar o‘tkazishi aytilgan.
Bishkek safari chog‘ida Shennon Markaziy Osiyodagi Amerika universitetitda qilgan chiqishida Vashingtonni bugungi kunda Qirg‘izistonda harbiy baza joylashtirish masalasi qiziqtirmayotganini ham aytib o‘tdi. Ayni paytda u mintaqada xavfsizlik masalasi Vashingtonning diqqat markazida ekanini bildirdi.
"25 yildan beri biz yaqin hamkorlik qilib kelayapmiz. Dunyoning bu nuqtasidagi xavfsizlik biz uchun o‘ta muhimdir. Ittifoqchilarimiz bilan ham aynan mana shu masala ustida ishlashimiz lozim. Mintaqa aholisining zo‘ravon ekstremizm va terrorchilikdan saqlanishi, iqtisodiy taraqqiyot uchun sharoit yaratilishi, bilim olishi va farovonligi uchun AQSh xalqi hamda hukumati qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi, - dedi mulozim.
AQSh rasmiysi “Nega Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistonda O‘sh voqealari aybdorlaridan biri sifatida sudlanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarovni himoya qilayapti?” degan savolga ham javob berdi:
"Inson huquqlarini himoya qilish diplomatik missiyamizning eng asosiy qismidir. Esingizda bo‘lsa, AQSh mustaqilligini e’lon qilganida Britaniya tasarrufidan chiqish bilangina cheklanib qolmay, bu mamlakatda yashovchi har bir odamning huquqlarini himoya qiladi, degan tamoyilga tayangan. Shundan kelib chiqqan holda, kim bo‘lmasin, har bir odamning huquq va erkinliklarini himoya qilib kelamiz", -dedi Shennon.
Etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarov ishini o‘rgangan xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonishini aytib keladi.
2015-yilda AQSh va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashgan edi. Bunga 2010-yilgi O‘sh qirg‘inida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovga 2015-yil 15-iyulida Davlat departamentining "Inson huquqlari faoli" mukofoti topshirilishi sabab bo‘lgan.
AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Tomas Shennon Bishkekda Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan ham uchrashdi. Tomonlar o'zaro aloqalarni yanada kuchaytirish haqida gaplashgan.
AQSh rasmiysining Markaziy Osiyo safari 24-oktabrda boshlandi. Safar davomida Shennon Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda bo‘ladi. Shennonning Markaziy Osiyo safari 29-oktabrda yakunlanadi.