Sarmoyachi Jorj Soros huquq tashkilotiga 100 million dollar hadya qildi

Taniqli sarmoyachi va filantrop Jorj Soros Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotiga 100 million dollar sovg’a qilar ekan, xalqaro guruh mablag’ni global faoliyatini kengaytirishga sarflamoqchi. Jumladan Lotin Amerikasi va Osiyo davlatlarida idoralar ochadi.

O’zbekiston hukumati Human Rights Watch vakilini 2008 yilda mamlakatdan chiqarib yuborgan va shu kungacha unga akkreditatsiya bermay keladi.

Iqtisodiy tanazzul oqibatida donorlik-xayriya ishlari global miqyosda sust kechayotgan bir paytda, 100 million dollarli grant fuqaro jamiyati faollari uchun kutilmagan yangilik.

Amerikalik milliarder Jorj Sorosga qarashli Ochiq Jamiyat Instituti Human Rights Watch tashkilotiga mablag’ni kelasi 10 yil davomida bo’lib-bo’lib beradi. Yagona shart – huquq himoyachilari boshqa manbalardan ham shuncha pul to’plashga harakat qilishi kerak.

Ochiq Jamiyat Instituti prezidenti Arye Nayerdan nima maqsadda beryapsiz shuncha mablag’ni deb so’raganamizda, jamg’armaning nomidan bilib olavering, deydi u.

“Maqsadimiz erkin va ochiq jamiyatlarni barpo etishda ko’maklashish. Toki odamlar erkin fikr almasha olsin, qonun ustuvorligi ta’minlansin, hamma teng ko’rilsin”.

Dunyoda huquq himoyasi yo’lida kurashayotgan guruhlar ko’p, Human Right Watch ular orasida eng samaralisi, deydi u.

“Tashkilot 1978 yilda ta’sis etilganida, maqsadimiz dastavval AQShning global obro’-nufuzi va ta’sir kuchiga tayangan holda, inson huquqlarini targ’ib qilish edi”.

Arye Nayer Human Rights Watch-ga 12 yil davomida rahbarlik qilgan. “Afsuski, Amerikaning avvalgi nufuzi va peshqadamlik haqida gapirish qiyin”, -deydi u.

Faollarga ko’ra, ayniqsa Jorj Bush davrida Qo’shma Shtatlar huquq va erkinlik kuychisi degan nomidan ayrildi.

Human Rights Watch 90 dan ziyod mamlakatda, jumladan Markaziy Osiyo respublikalarida, huquq ahvolini o’rganib, har yili hisobotlar tayyorlaydi. Bundan bir maqsad, huquqni oyoq osti qilayotgan hukumatlarni o’z xalqi oldida va dunyoga sharmanda qilish.

O’tmishda asosan Amerika va Yevropa poytaxtlaridan turib ishlar edik, deydi tashkilot rahbari Kennet Rot. Biroq so’nggi yillarda dunyoda geo-siyosiy muvozanat o’zgarib boryapti.

“Osiyo, Latin Amerikasi va Afrikada qo’shnilariga so’zi o’tadigan davlatlar bor. Misol uchun, Zimbabveni oling. Yevropa yoki Amerika huquq ahvoli haqida qanchalik jar solmasin, qit’adagi eng muhim o’yinchi bu - Janubiy Afrika. Yoki Shri-Lankani oling. Bu yerda ham G’arb emas, Osiyo hukumatlarining ta’siri kuchli. Shu bois, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika singari joylarda idora ochmoqchimiz”, - deydi Human Rights Watch direktori.

Huquqni poymol etayotgan tomonga iqtisodiy, siyosiy bosim o’tkazish eng effektiv qurollardan biri. Deylik, qo’shni davlatga qurol sotish yoki moliyaviy yordam uzatishdan oldin, dunyo oldidagi majburiyatlarini eslatib qo’yishni maslahat beramiz, deydi Kennet Rot.

Sobiq Sovet respublikalariga to’xtalar ekan, Human Rights Watch rahbari Rossiya, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ahvol diqqat markazimizda, deydi.

Soros jamg’armasi ajratayotgan millionlab dollar grant hisobiga region bo’yicha ishlaydigan xodimlar soni oshiriladi.