Bugun Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan uchrashgan Janubiy Koreya rahbari Mun Je-in fikricha, uning davlati Amerika bilan Barak Obama davrida erishilgan savdo kelishuvini ma'qul ko'radi. Oq uy, deydi u, uni bekor qilmasligi kerak. Tramp bilan muloqot oldidan Mun AQSh poytaxtida xususiy sektor vakillari bilan gaplashdi.
Besh yillik shartnoma Janubiy Koreya uchun katta foyda keltiradi va albatta, Amerika ham bundan teng manfaat ko'radi, deydi Mun.
"Hyundai" va "Kia" mashinalari endilikda AQShda ishlab chiqarilmoqda. Bu o'sha kelishuv mahsulidir.
“Bizning avtomobil kompaniyalarimiz bu yerda ish o'rinlari va yangi imkoniyatlar yaratmoqda", - deydi Janubiy Koreya rahbari.
O'tgan uch yil ichida mamlakatlar orasidagi savdo 40 milliard dollardan oshgan. Koreys bizneslari 45 ming amerikalikni ish bilan ta'minlagan. AQSh iqtisodiga 138 milliard daromad keltirgan.
Prezident Tramp deydiki, savdo kamomadi yuqori, ya'ni Janubiy Koreya ko'proq foyda ko'rmoqda. Seul 27 milliard dollar kamroq mahsulot sotib olmoqda, deydi u.
Oq uy hozirda har bir biznes sherik bilan hamkorlikni ko'rib chiqmoqda va ulkan o'zgarishlar haqida ogohlantirmoqda. Yangi shartlar va bitimlar kuting, deydi Tramp.
Mun bilan muzokarada savdo va tijoratdan tashqari Shimoliy Koreya yuqori o'rinda bo'ladi.
Janubiy Koreya qo'shnisi tobora qurollanib borayotganidan chuqur tashvishda va bu borada Amerika madadiga tayanadi. Mun Pxenyan bilan tinchlik muzokaralari olib borishni istaydi. Koreya yarimorolida urush bo'lmaydi, deydi u.
Murosa uchun u Shimolga biznes imkoniyatlar taklif qilmoqchi. Tramp nazarida esa Pxenyanga qarshi keskin shartlar qo'yish kerak.
Bu davlat hozirgi egri yo'lidan qaytmasa, uni jazolash lozim; sanksiyalarni kuchaytirish zarur, deydi Tramp.
Muzokara bo'lishi uchun Shimoliy Koreya atom dasturini to'xtatib, yadroviy qurollardan voz kechishga tayyor ekanini isbotlashi kerak, deya bildirmoqda Oq uy.