Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya qo’shma harbiy mashqlarni davom ettirish qarorida qat’iy.
Seulga safar qilayotgan AQSh admirali Mayk Myullen jarayonga Yaponiya ham qo’shiladi degan umidda.
Bu chora kelgusida Shimoliy Koreya hujumlarining oldini olish uchun zarur, deydi admiral.
Bugun Janubiy Koreya mudofaa rasmiylari bilan muzokara qilgan admiral Myullen uch tomonlama harbiy hamkorlik zarurati haqida to’xtaldi. Pxenyan agressiyasiga birga javob qaytarish kerak, deydi u.
“Janubiy Koreya, Qo’shma Shtatlar va Yaponiya mintaqa xavfsizligi yo’lida bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi lozim”, - deydi Myullen.
Admiral ertaga Yaponiyada bo’ladi. AQSh ittifoqchi davlatlarni har qanday hujumdan mudofaa qilishga tayyor, deydi u.
Qo’shma Shtatlar nazarida Xitoy Shimoliy Koreyani jilovlashga, so’zini o’tkazishga qodir.
“Rasmiy Pekin majburiyatni his qilib, Shimoliy Koreyani to’g’ri yo’lga boshlashi, butun region tinchligi uchun faolroq harakat qilishi darkor”, - deydi admiral Mayk Mullen.
AQSh delagatsiyasi kelasi hafta Xitoyga borib, mana shu mavzuda gaplashishi kutilmoqda.
Ayni paytda Sariq dengizda damba-dam o’q ovozlari quloqqa chalinmoqda. Shimoliy Koreya harbiy mashqlar o’tkazish bilan band. Janubiy Koreya ham hududda shunday mashg’ulotlar olib bormoqda. Kommunistik davlat qo’shni Janubiy Koreyani urush ehtimoli haqida ogohlantirgan.
Admiral Mayk Myullen nazarida Seul xavf tug’ilgan taqdirda o’zini mudofaa qilishga haqli.
23 noyabr kuni ikki Koreya o’q almashgan, to’rt odam o’lgan. Kim birinchi o’t ochgan deb so’ralganida, tomonlar bir-birini ayblaydi.